16 dekabr kuni Italiyaning Massimo Di Palermo teatrida zamonaviy klassik musiqa olami uchun ahamiyatli konsert bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli Omer Meir Velber dirijyorligi ostidagi orkestr Gaydn, Shuman kabi tan olingan ijodkorlarning saralangan asarlarini ijro etdi.

Konsertning eng yorqin va esda qolarli qismi sifatida yakuniy qism e'tirof etildi – Yevropada faoliyat olib boruvchi o‘zbekistonlik bastakor Aziza Sodiqovaning yangi asari ijrosi kulminatsion nuqta bo‘ldi.

Massimo Di Palermo teatri, 2020 yil 16 dekabr

Aziza Sodiqova hozirda Berlin va Toshkentda yashab, ijod qilmoqda. U eng nufuzli minbarlarda ham O‘zbekiston nomidan chiqadi, chiqishlarida milliy liboslarni tanlaydi.

Qizig‘i, asarlari jahon miqyosida mashhur orkestr va dirijyorlar tomonidan ijro etilgani, nufuzli san'at dargohlarida u yaratgan kuylar jarang sochganiga qaramay, Azizani o‘z ona yurtida biladiganlar juda kam.

Bastakorning o‘zi bunga shunday munosabat bildiradi:

«Chunki qiziqish yo‘q. Butun diqqat-eʼtibor pop madaniyatga, yulduzlardek munosabatda bo‘linadigan artistlarga qaratilgan. Yevropada yashaydigan va bu yerdagi konsertlarimdan xabardor bo‘lgan do‘stlarim O‘zbekistonda meni «payqashmasliklari»dan ajablanishadi. Haqiqatan ham g‘alati holat, chunki men Yevropada faoliyat ko‘rsatib, mamlakatni jahon madaniy sahnasida namoyish etayotgan yagona o‘zbek bastakoriman».

Kun.uz muxbiri Aziza Sodiqova bilan suhbatda bo‘ldi.

– Nega ijodiy faoliyatingizni Yevropa bilan bog‘lagansiz? Karerangizni O‘zbekistonda davom ettirish niyatingiz ham bormi?

– Toshkent davlat konservatoriyasida 2-kursni tamomlagach, stipendiya bo‘yicha tahsil olish uchun Buyuk Britaniyaga ketdim. Bu 90-yillar bo‘lib, mamlakatda qayta qurish jarayoni kechardi.

Afsuski, deyarli barcha musiqachi hamkasblarim, asosan pianinochi va skripkachilar chetga chiqib ketishayotgan edi. Chunki hamma iqtisodiyotga o‘zini urgan, moliyachi, bankirlarga talab ortgan edi. Ilgari esa konservatoriyada tahsil olishni hamma orzu qilar, bu juda obro‘li edi. Deyarli hamma, ayniqsa qizlar fortepiano chalishni bilishardi. Hozir esa possovet hududida bunday holatni uchratmaysiz.