O‘zbekiston | 20:51 / 07.01.2021
8498
3 daqiqa o‘qiladi

1 martdan aholining minimal iste'mol xarajatlari e'lon qilinadi – Oliy Majlis deputati

Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘rozboyevning ma'lum qilishicha, 2021 yil 1 martdan boshlab aholining minimal iste'mol xarajatlari e'lon qilinadi hamda bu kambag‘allik chegarasini bilish va shunga qarab samarali choralar ko‘rish imkonini beradi.

“Respublikamiz bo‘yicha “Temir daftar”larga kiritilgan har bir oilalarni kambag‘allikdan chiqarish borasida mutlaq yangi mexanizmlar joriy etiladi. Ya'ni, kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha mingdan ortiq o‘quv markazlari tashkil qilinadi. Qarang, o‘quv kurslariga kelgan har bir fuqaroga bir million so‘mdan subsidiya ajratilar ekan. Bu maqsadga davlat budjetidan o‘rtacha 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Yana bir tomoni har bir o‘quv kursini bitirgan tinglovchilarga tadbirkorlikka yo‘naltirilgan uskunalarni xarid qilish uchun o‘rtacha 7 million so‘mgacha subsidiya beriladi. Endi o‘ylab ko‘raylik, qachon hunar o‘rganib, ish boshlash uchun bunday real imkoniyatlar bo‘lgan?” deydi O‘.O‘rozboyev.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2018 yil 22 yanvardagi farmonida 2018 yilning 1 iyulidan O‘zbekistonda «Iste'mol savatchasi» tushunchasini huquqiy jihatdan tartibga solish belgilangandi.

2019 yil yozida sobiq Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev O‘zbekistonda “iste'mol savatchasi”ning taxminiy miqdori 650 ming so‘m ekani haqida aytib o‘tgandi.

2019 yil noyabr oyida prezident o‘tkazgan yig‘ilishda iste'mol savati va yashash minimumi haligacha joriy etilmagani tanqid qilingandi.

2020 yil 3 iyun kuni prezident ishtirokidagi videoselektorda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulovga joriy yilning 1 oktyabriga qadar yashash minimumi va minimal “iste'mol savatchasi”ning huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgandi.

Ammo, shularga qaramay, “iste'mol savatchasi”ning huquqiy asoslari ishlab chiqilmadi.

Mavzuga oid