Iqtisodiyot | 12:24 / 09.11.2020
15887
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «iste'mol savatchasi» nega qabul qilinmayapti?

Joriy yilning 1 oktyabrigacha yashash uchun minimum hamda «iste'mol savatchasi»ning eng kam miqdori normativ-huquqiy asoslari yaratilishi ma'lum qilingandi. Shu paytgacha qabul qilinmayotgan «iste'mol savatchasi»ning eng kam miqdori haqidagi masalaga Obid Hakimov javob berdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov 5 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda yashash minimumi yoxud «iste'mol savatchasi»ning eng kam miqdori e'lon qilinishiga oid savolga javob berdi. Xususan, jurnalist Avaz Tohirov yashash minimumi ochiqlanmasligi uning budjet xarajatlariga qo‘shimcha yuk bo‘lishi bilan izohlanadimi, deya savol berdi.

«Bu masalaning bitta sababi, deb bo‘lmaydi. Bu ham sabablar ichida bo‘lishi mumkin. Asosiy masala — bizda bu (yashash minimumi – tahr.) chuqur tadqiq etilmagan. Ta'kidlash joizki, u narsani (yashash minimumi – tahr.) hisoblashda aholi daromadlarini o‘lchash mezoni mavjud. Masalan, O‘zbekistonda 13 million odam mehnat qilayotgan bo‘lsa, ulardan 4,5 millionga yaqini soliq to‘laydi. Qolganlarning daromadi haqida rasmiy hisob yo‘q. Har bitta oilada qancha daromad bo‘lishini qayerdan bilamiz? Chuqur tadqiqot zarur. Iste'mol xarajatlarini qanday bilish mumkin? Tadqiqot kerak.

O‘zbekiston ichida ham hududlar kesimida farqlar mavjud. Ba'zi bir hududlar ratsion (ovqatlanish normasi – tahr.) boshqa hududlardan farq qiladi. Ba'zi bir hududlar odatlari boshqalardan farq qiladi. Bu narsalar (yashash minimumida) aks etishi kerakmi?», — degan u.

 Obid Hakimov 

«Iste'mol savatchasi» – muayyan vaqt davomida inson hayoti va uning salomatligini saqlash uchun zarur mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarning eng kam to‘plami. «Iste'mol savatchasi» eng kam ish haqi va pensiyalar, bazaviy ijtimoiy to‘lovlar, ishsizlik, bolani parvarishlash, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqalari, stipendiyalar kabi moddiy ehtiyoj miqdorlarini belgilash uchun hisob-kitobga asos bo‘lishi kerak.

An'anaga ko‘ra, «Iste'mol savatchasi» 3 qism – oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlardan iborat. Nooziq-ovqat tovarlariga kiyim-kechak, poyabzal, birinchi navbatda zarur bo‘lgan buyumlar, dori-darmonlar, madaniy-maishiy va xo‘jalik uchun mo‘ljallangan tovarlar va hokazolar kiradi. Xizmatlar ro‘yxatidan esa kommunal, transport xizmatlari, madaniy-ma'rifiy jabhalar o‘rin oladi.

Odatda «Iste'mol savatchasi» aholining 3ta asosiy ijtimoiy-demografik guruhi – mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar va bolalar uchun ishlab chiqiladi. Ya'ni aholining turli qatlamlari tirikchiligi uchun zarur eng kam miqdorni belgilashda muayyan davrda iste'mol savatchasidagi barcha ne'matlarni iste'mol qilish normalarini aniqlash zarur. Masalan, oddiy fuqaro normal hayot kechirishi uchun har kuni iste'mol qilishi kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami va miqdorini hisoblash yoki barcha kommunal xarajatlarni qoplashi uchun oyiga qancha summa zarurligi aniqlanadi.

 O‘zbekiston moliya vaziri lavozimida ishlagan (ayni paytda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri) Jamshid Qo‘chqorov iste'mol savatchasi va yashash darajasi minimumini hisoblab, e'lon qilish uchun hech qanday muammo yo‘qligi, 2020 yil davomida yashash minimumi va minimal iste'mol savatchasiga oid raqamlar e'lon qilinishini ma'lum qilgandi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq, pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas.

Joriy yil iyunda prezident ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulovga joriy yilning 1 oktyabriga qadar yashash minimumi va minimal iste'mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqib, taqdimot qilish vazifasi qo‘yilgandi.

Ma'lumot uchun, prezidentning 2018 yil 22 yanvardagi «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda «Tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor» va «Iste'mol savatchasi» tushunchalarini 2018 yilning 1 iyulidan huquqiy jihatdan tartibga solish belgilangandi.

Mavzuga oid