O‘zbekiston | 17:46 / 08.01.2021
18987
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari ko‘p qavatli uylar «korobka» holatida nima uchun qabul qilinmasligiga izoh berdi 

 «Korobka» xonadonlarda devor o‘rni ham sotilmoqda. Bu esa, xaridorning foydalanmagan maydoni uchun ham pul to‘lashiga olib kelyapti. Aprel oyidan yangi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning «korobka» holatida sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

2021 yil aprel oyining 15 sanasidan e'tiboran, yangi ko‘p qavatli turar joylardagi xonadonlar xona devorlari tiklangan va sanfayans jihozlari o‘rnatilgan holda xaridorga sotiladi. Bu haqda Qurilish vaziri birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov AOKAda bo‘lib o‘tgan tadbirda ma'lum qildi.

«Aholini qiynab kelayotgan yana bir masala bor edi. Respublikada uy-joylar ko‘plab qurilmoqda. Bunda birinchi o‘rinda ularning xavfsizligi turadi. Shuni hisobga olib qurilish sohasi talablariga o‘zgartishlar kiritildi. Ular 3 oydan so‘ng, aprel oyida kuchga kiradi. Endilikda, qurilish-pudrat tashkilotlari uy qurib topshirayotganlarida, uylar «korobka»da bo‘lmaydi. Ularda xonalarning devorlari va kommunikatsiya tizimlari 100 foiz tortilgan bo‘ladi. Chunki, bu xavfsizlik jihatidan muhim.

«Korobka» qilib topshirilganda, xaridor uyni olib ta'mirlashda, uyning plitalari ustiga tushayotgan og‘irlik yuklamasi, yoxud shaxtalar o‘rni o‘zgartirilsa, uyning umumiy konstruksiyasiga salbiy ta'sir qiladi. Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi singari tomonlari ham inobatga olindi. 

Qolaversa, «korobka» holatidagi 88 kv.m. maydonli xonadon ta'mirlangandan so‘ng, kadastr qilinganida 77 kv.m. maydonli bo‘lib qolmoqda. Fuqarolar devor tagidagi maydon uchun ham pul to‘lamoqda. Devorlari mavjud xonadonlarda esa, aksincha devor qismi xonadonning umumiy maydoniga kirmaydi. 

Quruvchilar ichki devorlarni loyiha asosida tiklab, sanfayans jihozlarini o‘rnatgan holda aholiga sotadi», - dedi Sherzod Hidoyatov.

Mavzuga oid