Jahon | 10:00 / 10.01.2021
14529
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Maskning boyligi 200 milliard dollardan oshdi

SpaceX va Tesla kompaniyalarining rahbari, yaqinda dunyoning eng boy odamiga aylangan Ilon Maskning boyligi 200 mlrd dollardan oshdi. Bundan Bloomberg Billionaires Index (BBI) milliarderlar reytingi darak bermoqda.

Foto: Getty Images

Reytingga ko‘ra, Maskning boyligi yana 14,5 mlrd dollarga ko‘payib, umumiy hisobda 209 mlrd dollarga yetgan. Mask 7 yanvarda Tesla aksiyalari narxi 5,38 foizga qimmatlashishi evaziga Jyeff Bezosni ortda qoldirib, dunyoning eng boy odamiga aylangandi. O‘shanda tadbirkorning boyligi 188,5 mlrd dollarga baholangan. 

Yangi reytingda 2-o‘rinni Amazon asoschisi Jyeff Bezos 186 mlrd dollar bilan, 3-o‘rinni Microsoft asoschisi Bill Geyts 134 mlrd dollar bilan egallamoqda. 

Yetakchi beshtalikdan Louis Vuitton Moët Hennessy kompaniyalari guruhi prezidenti Bernar Arno 117 mlrd dollar bilan hamda Facebook asoschisi Mark Tsukerberg 101 mlrd dollar bilan joy olgan.  

Avvalroq Mask Marsda shahar qurish uchun barcha mol-mulkini sotishga qaror qilgani ma'lum qilingandi. Tadbirkor unda kompaniyalar aksiyalaridan boshqa hech qanday qimmatbaho mulk qolmasligini ma'lum qilgan.

Milliarder Marsda qurilish amalga oshirish uchun katta sarmoyalar talab qilinishini va bu uning o‘z mulkini sotishga qaror qilishiga sabablardan biri ekanini ta'kidlab o‘tgan. 

Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, Maskning boyligi o‘tgan yilning 12 oyi davomida taxminan 100 mlrd dollarga ko‘paygan. Ta'kidlanishicha, dunyoning eng boy 500 kishisi orasida hech kim bunday davr ichida o‘z boyligini bunchalik ko‘paytira olmagan.

Bezos 2017 yildan buyon dunyoning eng boy kishisi maqomini hech kimga bermay kelayotgandi. 

Mavzuga oid