Iqtisodiyot | 17:46 / 13.01.2021
14875
4 daqiqa o‘qiladi

Sardor Umurzoqov: «Joriy yildan boshlab investitsiyaviy dasturlarni amalga oshirishda mutlaqo «teskari» yo‘l tutamiz»

Oxirgi 3-4 yildagi investitsiyaviy loyihalar samaradorligi pastligi sabab, endilikda loyihalar xomashyo yoki eksport bozoriga yaqinroq joyga, logistika xarajatlari inobatga olingan holda joylashtiriladi.

12 yanvar kuni Investitsiya va tashqi savdo vazirligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov joriy yilda sohada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar, xususan, o‘zgarayotgan investitsion siyosat haqida aytib berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirga ko‘ra, oxirgi 3-4 yilda amalga oshirilgan dasturlarning hozirgi holati tahlil qilinganda loyihalarni tanlashda mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv mavjudligi ma'lum bo‘lgan.

«Tan olishimiz kerak, o‘tgan davr davomida investitsiya loyihalarining tanlanishi va shakllanishida noto‘g‘ri yondashuv bor ekanligini anglab oldik. Ya'ni investor keladi, qaysidir hokimligimiz yoki vazirligimiz vakillari bilan uchrashib, ularga loyihasini beradi. «Qaysidir hududlaringda mana shu narsani ishlab chiqarmoqchiman», deydi. Biz ularga joy beramiz, sharoit yaratamiz, dasturga kiritamiz, ammo loyihalarning bugungi kundagi holatini tahlil qilganimizda xatolik borligini tushundik», – dedi u.

Ta'kidlanishicha, 2020 yilning avgust oyidan boshlab alohida eksport va investitsiya masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan. Komissiya a'zolarining xulosasi bilan joriy yildan boshlab dasturlarni amalga oshirishda mutlaqo «teskari» yo‘l tutiladi.

«Endilikda biz dasturlarni amalga oshirishda mutlaqo «teskari» yo‘l tutishimiz kerak. Birinchi navbatda, har bitta hudud va tarmoq tahlilini amalga oshirib, o‘zimiz uchun kerak bo‘lgan quvvatlarni aniqlaymiz, qaysini yaratishimiz kerak va uni qayerda joylashtirishimiz kerakligini belgilab oldik», – dedi vazir.

Joriy yildan boshlab investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishida mahsulotning tannarxini kamaytirish va raqobatdoshligini oshirish maqsadida loyihalar xomashyo yoki eksport bozoriga yaqinroq joyga, logistika xarajatlarini inobatga olgan holda joylashtirilishi aytildi.

Shuningdek, muayyan tarmoq bo‘yicha yoki ma'lum hududda yashaydigan odamlarning bilim va ko‘nikmalari, tajribalari yoki bu yo‘nalish ular uchun an'anaviy yo‘nalish ekanligini inobatga olib, jamoatchilikning fikri ham o‘rganilishi ma'lum qilindi.

Endilikda loyihalar investorlarga vazirlik qoshidagi markaz tomonidan ishlab chiqilib, tayyor holda taqdim qilinishi mumkin. Shu bilan birga, vazirlikda post investitsion monitoringni amalga oshirish uchun alohida bo‘linma tashkil qilinadi.

Bo‘linma loyiha to‘liq quvvatda ishlayotganini, kutilayotgan natija, tashkil qilingan korxona soliq to‘lovchiga, eksport qiluvchiga, ish beruvchiga aylanganligi masalalarini tizimli tahlil qilishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun,  O‘zbekistonning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturi doirasida 3 yil davomida 928 trillion 7 milliard so‘m miqdoridagi markazlashgan va markazlashmagan investitsiyalar, jumladan, 37,5 milliard AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi belgilangan.

Dasturga muvofiq, 2021 yilda 226ta yangi va yirik ishlab chiqarish obektlari hamda quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada, 34 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi. 

Mavzuga oid