O‘zbekiston | 19:43 / 25.01.2021
17231
4 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy himoya olish uchun cheklov olib tashlangan – Pensiya jamg‘armasi

Oila a'zolariga to‘g‘ri keladigan daromadlar har bir kishi uchun oyiga 358 ming so‘mdan kam bo‘lgan yoki hududiy bandlik va mehnat munosabatlari bo‘limlarida ishsiz sifatida ro‘yxatda turgan shaxslarga Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali ijtimoiy yordam elektron shaklda ko‘rsatiladi.

Joriy yilda aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam haqida Pensiya jamg‘armasi ijro apparati bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Ismoilov ma'lumot berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, Ijtimoiy himoya yagona reyestri amaliyotga joriy qilingan bo‘lib, kam ta'minlangan va 2 yoshgacha farzandi bor oilalarga, shuningdek ,14 yoshgacha farzandi bor ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam taqdim etadi.

«Bu tizimning oldingi ijtimoiy xizmatlardan asosiy farqi – inson omili juda ham kam. Fuqaroning tegishli hujjatlari dasturga kiritilgandan keyin, ushbu shaxsning bir oyda qancha daromad topishi, ko‘chmas mulki, to‘laydigan soliqlari, mehnat faoliyati kabi boshqa ma'lumotlarni dasturga tegishli vazirliklar va idoralardan topib, avtomatik solishtirishni amalga oshiradi va fuqaroga mumkin bo‘lsa ijtimoiy yordam avtomatik tarzda belgilanadi», – dedi mutaxassis.

Bunda asosiy jihat oila a'zolariga to‘g‘ri keladigan daromadlar har bir kishiga oyiga 358 ming so‘mdan kam bo‘lgan yoki hududiy bandlik va mehnat munosabatlari bo‘limlarida ishsiz sifatida ro‘yxatda turgan holatlarda fuqarolarga ijtimoiy nafaqa tayinlanishi ma'lum qilindi.

Mutaxassisning axborotiga ko‘ra, fuqaro ijtimoiy yordam olishni xohlasa o‘zining mahallasiga murojaat qilib, (tuman yoki shahar markazidagi pensiya jamg‘armasi hududiy bo‘limlariga borish talab etilmaydi) ariza, shaxsini tasdiqlovchi hujjat, nikoh guvohnomasi va farzandlar tug‘ilganligi haqida guvohnoma nusxalarini taqdim etadi (avval MFY fuqarodan oylik daromadlari, ko‘chmas mulklari, avtomobil bor yoki yo‘qligi va boshqa ko‘p hujjatlarni talab etgan).

Bunda MFY  raislari 2 ish kunidan kechiktirmagan holda pensiya jamg‘armasiga hujjatlarni yetkazadi. Pensiya jamg‘armasi arizani Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritgandan keyin, 10 kun muddat ichida ariza ko‘rib chiqilib, arizachining telefon nomeriga natijasi SMS xabarnoma shaklida ma'lum qilinadi. Agar fuqaro nima uchun arizasi rad etilganligi haqida ma'lumotlarni bilishni istasa, 1140 raqamiga yoki hududiy bo‘limlar telefon raqamlariga telefon qilib ma'lumot olishi mumkin.

Shuningdek, joriy yildan boshlab chet elda ishlab yurgan fuqarolarning daromadi haqidagi ma'lumotlar ham banklarda fuqaroning hisobiga tushgan mablag‘larga qarab aniqlanishi va haqiqatan ham moddiy yordamga muhtoj bo‘lganda ijtimoiy nafaqa berilishi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

«Oldinlari 10 kishi ariza bersa, qolgan 5 kishi kutib turgan, cheklovlar ko‘p bo‘lgan. Joriy yildan mahallada 1000 kishi bo‘lsa, ularning hammasi ariza topshirishi mumkin, lozim topilganlarning hammasiga moddiy yordam ko‘rsatiladi», – dedi Abdurashid Ismoilov.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, bu tizim Sirdaryo viloyatida 2019 yilning 1 oktyabridan 2020 yilning 1 oktyabrigacha amaliyotdan o‘tkazilgan.

Ma'lumot uchun, agar MFY tomonidan fuqaroning arizasi qabul qilinmagan taqdirda 1140 ishonch telefonlariga murojaat qilishi mumkin.

Prezident murojaatnomasida 2021 yildan to‘liq ishga tushadigan «Ijtimoiy reyestr»da «temir daftar»dagi barcha ma'lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatilishi ta'kidlangandi.

2020 yilda pensiya va nafaqa oluvchilar soni 333 ming kishiga oshganligi va 2019 yilning mos davriga nisbatan 4 foizga ko‘payganligi ma'lum qilingandi.

Avvalroq, 14 yoshgacha bola puli berish qanday hollarda rad etilishi haqida ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid