O‘zbekiston | 15:48 / 29.01.2021
1333
4 daqiqa o‘qiladi

Intellektual mulk sohasida tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi

1 apreldan tovar va xizmat ko‘rsatish belgisini faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi. Shuningdek, joriy yilning 1 oktyabrigacha elektron ko‘rinishdagi «Patent platformasi» ishga tushiriladi.

«Intellektual mulk obektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar xabar bermoqda Intellektual mulk agetligi matbuot xizmati.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 apreldan tovar va xizmat ko‘rsatish belgisini faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi. Shuningdek, intellektual mulk obektlarini davlat ro‘yxatiga olishda tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi.

Hujjat bilan 2025 yil 1 yanvarga qadar milliy eksport qiluvchilar tomonidan chet elda tovar kelib chiqqan joy nomlari (geografik ko‘rsatkichlar)ni ro‘yxatga olish bo‘yicha qilinadigan sarf-xarajatlari agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanishi belgilandi.

Ta'kidlanishicha, 2021 yil 1 iyunga qadar davlat organlari va oliy ta'lim tashkilotlariga tegishli bo‘lgan intellektual mulk (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar va sanoat mulki) obektlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, eksport ulushi umumiy tovar aylanmasining 60 foizidan ortig‘ini tashkil etadigan eksport qiluvchi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasida ishlovchi tadbirkorlar uchun tovar belgilari 2021-2022 yillarda milliy ro‘yxatdan bepul o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 oktyabrga qadar Agentlik huzurida «Patent platformasi»ishga tushirilishi va platformaga tadbirkorlar ixtiyoriy va bepul asosda kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Joriy yildan boshlab agentlik tomonidan «Eng yaxshi intellektual mulk obekti»tanlovi tashkillashtirilib, tanlov g‘oliblariga bazaviy hisoblash miqdorining 30, 25, 20 baravari miqdorida pul mukofotlari topshirilishi nazarda tutilgan.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim tashkilotlarida, xususan, ishlab chiqarish va texnik, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi ta'lim yo‘nalishlarida intellektual mulk fanlari joriy etilishi belgilangan.

Qarorga ko‘ra, agentlik tuzilmasida quyidagilar tashkil etildi:

  • Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Intellektual mulk himoyasi markazlari;

Markazlar hududiy adliya boshqarmalari binolarida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Markazlarning asosiy vazifasi sifatida quyidagilar nazarda tutilgan:

  • Qalbaki mahsulotlarni ishlab chiqarish va intellektual mulk huquqlarining buzilishiga qarshi tizimli va samarali kurashish;
  • joylarda intellektual mulk obektlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bilan bog‘liq faoliyatga ko‘maklash;

Avvalroq, «Intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokamaga qo‘yilganligi ma'lum qilingandi.

Yangi qonun loyihasida mualliflik huquqi buzilgan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining yigirma barobaridan ming barobarigacha bo‘lgan miqdorda tovon puli undirilishi shuningdek, mualliflik huquqining himoya muddatini yetmish yil qilib belgilashni nazarda tutuvchi tuzatish kiritilishi kutilayotganligi haqida ma'lumot berilgandi.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid