O‘zbekiston | 20:52 / 29.01.2021
12137
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda yangi qurilgan uylar qay tartibda taqsimlangani ma'lum qilindi

«Sardoba» suv omboridagi ofatdan so‘ng qurilgan xonadonlardan 2577tasi hozirga qadar qur'a tashlash yo‘li bilan taqsimlangan. 1–2-qavatlardagi uylar nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz pensionerlar va keksa a'zolari bor oilalarga berilgan.

Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari O‘lmasjon Mamadaminov «Sardoba» suv omborining buzilishidan jabr ko‘rganlarga qurilgan uylarning taqsimlanishi yuzasidan ma'lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchta tumanda jami 2 640 ta xonadonli 86 ta ko‘p qavatli turar joy qurilgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Ishchi guruhlar tomonidan uy-joylar taqsimlanishida birinchi navbatda hujjatlarida muammosi bo‘lmagani uchun 1 430 ta xonadon egalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri berildi. Sababi ularning haqiqatdan ham uylari buzilgani, ular avvaldan shu yerda yashagani inobatga olindi.

Taqsimlashda fuqarolar avval qanday yashagan bo‘lishsa, ro‘yxat tuzilib, bir-birini taniydigan holatda, ko‘cha yoki qishloqlar bo‘yicha bitta ko‘p qavatli uyga joylashtirildi. O‘sha uyda 40 xonadon bo‘lsa, shu xonadonlarning egalari bitta zalga yig‘ilib, kvartiralarni bo‘lish tartibi tushuntirildi.

Uylarni bo‘lish fuqarolarning o‘zlariga havola etildi. 1- va 2-qavatlarga birinchi navbatda nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz pensionerlar, qaramog‘ida yoshi katta insonlar bo‘lgan oilalar joylashtirildi», – deydi O‘lmasjon Mamadaminov.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytgacha jami 2 577 ta xonadon qur'a tashlash yo‘li bilan egalariga topshirilgan. Tumanlar sektor rahbarlari va profilaktika inspektorlariga 15 ta xonadon xizmat uylari sifatida ajratilgan.

Uylarni aholiga adolatli taqsimlash uchun jamoatchilik, deputatlar va faollardan iborat 3ta guruh tuzilgan. Bu guruhga mahalla vaziri Rahmatjon Mamatov rahbarlik qilgan.

Mavzuga oid