O‘zbekiston | 09:20 / 03.02.2021
7372
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Sadoqat va matonat timsoli» ordeni ta'sis etiladi

Prezidentning “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Loyiha xotin-qizlarning davlat va jamiyat ishlaridagi faolligini oshirish, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida ishtirokini kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.  

Hujjatda qayd etilishicha, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimida ayrim muammo va kamchiliklar mavjud.

“Ularning tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish hamda bandligini ta'minlash borasidagi ishlar yetarlicha tashkil etilmagan. Mavjud vaziyatni tahlil qilish va xotin-qizlarga imkoniyat va sharoitlarni yanada yaxshilash, davlat va boshqa sub'yektlar tomonidan ko‘rsatilayotgan turli darajadagi yordam va ko‘maklarni aniq maqsadga yo‘naltirish maqsadida Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasini tashkil qilish zarurati mavjud”, - deyiladi loyihada.

Qayd etilishicha, mazkur qarorning qabul qilinishi natijasida xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish hamda bandligini ta'minlash borasidagi ishlar kuchaytiriladi. Mavjud vaziyatni yanada chuqurroq tahlil qilish va xotin-qizlarga sharoitlarni yanada yaxshilash, davlat va boshqa sub'yektlar tomonidan ko‘rsatilayotgan turli darajadagi yordam va ko‘maklarni aniq maqsadga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Loyihada davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida faol ishtirok etayotgan, mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarni rag‘batlantirish mexanizmlari, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining tarkibi va uning asosiy vazifalari belgilanmoqda.

Shuningdek, mamlakatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy salohiyatini oshirishga qo‘shgan hissasi, ilmiy va amaliy sohalardagi erishgan yutuqlari uchun rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi “Sadoqat va matonat timsoli” ordenini ta'sis etish ko‘zda tutilmoqda.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi negizida Senat huzuridagi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilib, jamg‘armaning Vasiylik kengashi vazifalarini amalga oshirishni Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashiga yuklash, Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi orqali Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasiga   va “Mahalla va oila” institutiga davlat budjetidan ajratib kelingan mablag‘lar 2021 yildan boshlab Moliya vazirligi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasiga va “Mahalla va oila” institutiga ajratilishi belgilab qo‘yilmoqda.   

Shuningdek, Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tuzilmasi va jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari  belgilanmoqda.   

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid