Jahon | 16:05 / 10.02.2021
2541
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada ommaviy axborot vositalari reklama solig‘iga norozilik sifatida o‘z ishini to‘xtatdi

Ushbu aksiyani mamlakatdagi 43ta OAV va media-guruhlar qo‘llab-quvvatlagan.

Foto: gazeta.pl

Polshada ko‘plab yirik internet nashrlar va telekanallar o‘z faoliyatini bir kunga to‘xtatdi. Ommaviy axborot vositalari reklamaga nisbatan joriy etilgan yangi soliqqa norozilik bildirmoqda.

Norozilik aksiyasida xususan, Gazeta.pl, Onet.pl,TVN-24, RMF FM, Rzeczpospolita, Wirtualna Polska kabi nashr va telekanallar ishtirok etmoqda. Ushbu aksiyani mamlakatdagi 43ta OAV va media-guruhlar qo‘llab-quvvatlagan.

Tomoshabinlar masalan, TVN-24 telekanalini yoqib "bu yerda sizning sevimli ko‘rsatuvingiz bo‘lishi kerak" degan yozuv va qop-qora ekranni ko‘rishadi. Saytlarda esa kun davomida birorta ham xabar yoki maqolani o‘qishning imkoni bo‘lmaydi.

 Polsha hukumati koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirish uchun yangi soliq joriy etgandi. Soliq tushumlarining bir qismi shuningdek, yodgorliklarni saqlash fondi hamda media-makonda madaniyat va milliy merosni qo‘llab-quvvatlash fondiga o‘tkaziladi.

Ommaviy axborot vositalarining fikricha, reklamaga nisbatan joriy etilgan yangi soliq ko‘plab nashr va telekanallar, birinchi navbatda, muxolif OAVning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.

 Loyihaga ko‘ra, internetdagi va oddiy reklama uchun soliq joriy etiladi.

"Qariyb bir yildan buyon davom etayotgan lokdaun sababli reklama beruvchilar va mushtariylarimiz jabr chekmoqda. Gazetalar tiraji, reklama xarajatlari qisqarmoqda. Endi esa davlat yelkamizga ko‘p millionlik yukni qo‘ymoqchi. Yangi soliq polshalik tomoshabin, tinglovchi, o‘quvchi va internet foydalanuvchilarga zarba bo‘ladi", - deb yozgan norozilik aksiyasi qatnashchilari ochiq xatlarida.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid