20:10 / 11.02.2021
3509

Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligiga Google bilan hamkorlik qilish taqiqlandi

Google va mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘tgan yil noyabrda e'lon qilingandi.

Foto: DPA

10 fevral kuni Myunxen sudi Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligiga Google bilan hamkorlik qilishni taqiqladi. Qayd etilishicha, Google orqali "koronavirus" so‘zi qidiruvga berilganida Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi sayti qidiruv natijalarida birinchi o‘rinda turmasligi lozim.

Bu qaror qabul qilinishiga NetDoktor portali egasi bo‘lgan Burda konsernining da'vosi sabab bo‘ldi. Mazkur portal salomatlik bilan bog‘liq mavzudagi maqolalarni chop etish orqali pul topadi. NetDoktor portalining bildirishicha, Google Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikni boshlaganidan so‘ng portaldagi reklamalarga kirish soni va buning ortidan keladigan daromad kamayib ketgan.

Da'voni ko‘rib chiqqan sudya kompaniyani haq deb topdi va ushbu holat tibbiy mavzuda yozadigan jiddiy portallarni bozordan siqib chiqarishi hamda fikrlar xilma-xilligini cheklashi xavfi mavjud deb e'tirof etdi. Endilikda Google Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikni to‘xtatishiga to‘g‘ri keladi.

Google vakillari esa bu fikrga qo‘shilmayapti. Qidiruv saytida ma'lum bir kasallikka oid so‘rov berilganida sog‘liqni saqlash vazirligi sayti chiqishi boshqa saytlarning manfaatiga ziyon yetkazmaydi, deya ta'kidladi Google kompaniyasining Germaniyadagi vakolatxonasi rahbari  Filipp Yustus.

"Qidiruv natijalarida Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi sayti boshqa saytlar bilan birga ko‘rsatiladi", deb yozdi u.

Google va mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘tgan yil noyabrda e'lon qilingandi.

"Salomatlik bilan bog‘liq mavzularni qidirganlar hukumat saytiga kirishi kerak", - degandi o‘shanda sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpan.

 Shpanning so‘zlariga ko‘ra, internetda o‘limga olib keluvchi yolg‘on axborotlar juda ko‘p tarqaladi.

Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi sud qarorini ma'lumot uchun qabul qilishini bildirdi.

"Sud qarori baholanganidan so‘ng vazirlik keyingi qadamlarni belgilaydi. Sud qarori salomatlik bilan bog‘liq mavzularda axborot beradigan milliy portal mundarijasiga ta'sir ko‘rsatmaydi", - dedi sog‘liqni saqlash vazirligi vakili.

Top