O‘zbekiston | 16:47 / 20.02.2021
14688
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda O‘zbekistonda 2 mingga yaqin kishi YTH qurboni bo‘ldi

O‘tgan yili respublika bo‘yicha 7 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Shundan 1689tasi fojiali yakun topdi: ularda 1962 kishi qurbon bo‘ldi.

2020 yilda O‘zbekistonda jami 6 982ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkich (8 092)dan 13,7 foizga kam.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili YTHlar natijasida 1 962 kishi halok bo‘lgan. 2019 yilga nisbatan, YTH qurbonlari soni (2 094) 6,3 foizga kamaygan.

O‘lim bilan tugagan YTHlar soni 12,9 foizga (1 940tadan 1 689taga), YTHlarda jarohatlanganlar soni 16,8 foizga (7 923 nafardan 6 591 nafarga) kamaygan.

2020 yilga oid boshqa statistikalar

IIV YHXBB bo‘lim boshlig‘i Ilhom Idirovning 19 fevral kungi brifingda ma'lum qilishicha, 2020 yilda YHX xodimlarining bildirgilari asosida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda YHX xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan 70 nafar shaxs ushlangan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Xizmat olib borishning samaradorligini oshirish maqsadida 2020 yil davomida 428 ta zamonaviy avtomobil xarid qilingan.

109 ta alkotester, 120 ta avtomobil oynalarining tusi o‘zgartirilganini aniqlovchi «Tonik» moslamasi, 4 671 ta ko‘p funksional jyezl moslamasi YHX xodimlariga foydalanish uchun topshirilgan.

Bundan tashqari, xodimlar 188 ta radioaloqa (ratsiya), 3 514 ta planshet, 380 ta maxsus texnika (migalka) vositalari bilan ta'minlangan.

O‘tgan yili YHX xodimlariga 4 076ta bodikamera tarqatilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2020 yil 21 iyuldagi 629-sonli qonun bilan 15 kun ichida to‘langan ma'muriy jarimalar uchun 30 foiz chegirma qo‘llanadigan bo‘ldi.

2020 yilda auksion savdolari orqali sotiladigan davlat raqami belgilari toifalari soni 3 tadan 6 taga, birjaga qo‘yiladigan davlat raqami belgilari soni 65 tadan 328 taga ko‘paytirilib, auksion savdolari orqali 98 898 ta davlat raqami belgisi 243 185 752 000 so‘mga sotilgan.

Mavzuga oid