Iqtisodiyot | 22:21 / 26.02.2021
21787
3 daqiqa o‘qiladi

«Jinoyatchilar jazolanishi shart». Senat rasmiysi «obnalchilar» ishiga munosabat bildirdi

«Ishbilarmonlar oylab halol mehnati bilan ishlagan daromadini kimdir nopok yo‘llar bilan bir kunda qilayotganligi adolatsizlik. Bu – xufiyona iqtisodiyot ko‘rinishlaridan biri», – dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev

Bir necha kundirki, «naqdlashtiruvchi firmalar» mojarosi aholi orasida keng muhokama qilinmoqda va ayrim tadbirkorlar orasida norozilik keltirib chiqaryapti.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi. Aytilishicha, nohalol yo‘l bilan daromad qilmoqchi bo‘lganlarga jazo choralari ko‘rilishi lozim.

«O‘tgan kuni Soliq qo‘mitasida ochiq muloqot bo‘ldi. Men o‘ylaymanki, ikki tomon ham o‘z fikrlarini samimiylik bilan ilgari surdi.

Bu borada birinchi tamoyil, albatta, qonun buzgan odamlar yoki hozirgi sharoitdan foydalanib, noqonuniy daromadga – nohalol mablag‘larga ega bo‘lganlarga qarshi kurash olib borishimiz kerak. Chunki ishlari – noto‘g‘ri.

Ishbilarmonlar oylab halol mehnati bilan ishlagan daromadini kimdir nopok yo‘llar bilan bir kunda qilayotganligi adolatsizlik. Bu – xufiyona iqtisodiyot ko‘rinishlaridan biri.

Buni hazm qilib bo‘lmaydi, albatta. Mazkur masala bo‘yicha to‘g‘ri siyosat olib borilyapti. Lekin har bir harakatimizda biznesning orqasida insonlar, ularning oilalari, ishlab chiqarish turganini bilishimiz, o‘ylashimiz kerak.

Jinoyatchilar jazosini olishi shart. Ammo halol biznesmenlar yoki bilmagan holda xatoning qurboni bo‘lgan tadbirkorlar o‘z ishini davom ettirishiga imkoniyat yaratishimiz kerak. Senat va Savdo-sanoat palatasi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda monitoring olib borishi, jarayonni kuzatishi muhim. Albatta, qonunchilik bilan birga biznesni himoya qilishni ham ta'minlashimiz kerak», – dedi rais o‘rinbosari.

Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi firmalar» bilan kurashishni boshlagani, 396 shubhali soliq to‘lovchilar ro‘yxati tuzilib, ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan 1 trillion so‘mga yaqin QQS summasi hisobga olingan holda budjetga to‘lanmagani xabar qilingandi.

So‘ng yana 129 ta «obnalchi» firma aniqlangani, mazkur mojaro yuzasidan DSQ raisi Sherzod Kudbiyev tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazgani bildirilgan.

Mavzuga oid