Kun.uz saytining SUBYEKTIV loyihasi jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida ijodiy safarda bo‘lib, ushbu mamlakatdagi vatandoshlar bilan suhbatlar uyushtirdi.

Birinchi suhbatdoshimiz – Dubayda bir nechta restoranlarni boshqargan, 2020 yilda mashhur Palma orolida o‘zining shaxsiy restoranini ochgan o‘zbek restoratori Mirzo Hafizov.

— Palm-Jumayra sun'iy orolida, Atlantis mehmonxonasi atrofida restoranlar o‘rtasida raqobat katta. Sizning ovqatlanish sohasidagi tajribangizni bilmagan odam bunday joyda restoran ochganingizga skeptik ruhda qarashi mumkin. Restoratorlikda 18 yillik tajribangiz bor ekan. Nega restoran qurish uchun bu joyni tanlagansiz?

— 2018-19 yillarda shu hududda restoran qurishga rozi bo‘lmagan bo‘lardim. Chunki bu yerda favvora yo‘q edi. Favvora ochilganiga 4-5 oy bo‘lgan bo‘lsa, u Palmaning Dubayda destineysh sifatidagi dinamikasini o‘zgartirdi. Chunki bu – dunyodagi eng baland favvora.

Ikkinchidan, Palma va uning atrofida Dubai Marina, GLT, MNTL bor. Aynan shu joyda juda ko‘p sobiq ittifoq hududi millatlari, rusiyzabon xalqlar yashaydi. Shularni hisobga olib, shu yerni tanladik.

Mirzo Hafizov

— Bu atrofda joylar ancha qimmat. Bu yerni olish qiyin bo‘lmadimi?

— Dubayda 12 yildan ortiqroq vaqtdan beri yashayapman. 2008 yilda bu yerga kelganman. Palmaning developerlaridan biri – Nakheel Management bilan aloqalarimiz bor. Bundan tashqari, taklif qilinayotgan konsept ularning strategiyasiga to‘g‘ri kelishi kerak. Biz ularga milliy o‘zbek restorani haqida prezentatsiya qilib, o‘zimizning milliy taomlarimizni, O‘zbekiston tarixi, Ipak yo‘liga bog‘liqligimiz haqida gapirib berdik.

Taqdimotimizni ko‘rib chiqishdi, Palmada ham aslida bunday restoran yo‘q va bu – ushbu sun'iy oroldagi birinchi o‘zbek milliy restorani. Shular va bizning tajribamizni hisobga olib restoran ochishga ruxsat berishdi. Ma'lum odamlar bilan kelishishga to‘g‘ri keldi, ammo pul to‘langani yo‘q.

— Hozir Zor restoranidan tashqari 2ta loyihangiz bor. Bramble bar va Aka – Tokio uslubidagi kechki ovqatlar restorani. Siz o‘z kompaniyangiz – Orzu Hospitality Group'ni ochgansiz. Bunda sherigingiz kim?