Jahon | 18:18 / 06.03.2021
10723
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada og‘ir epidemiologik vaziyat yuzaga keldi

Mamlakat jon boshiga koronavirus yuqtirish darajasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Aholisi 10,5 mln kishini tashkil etuvchi respublikada koronavirusdan vafot etganlar soni 20 mingdan oshdi.  

Foto: David W Cerny / Reuters

Ma'lumot berilishicha, Chexiya shifoxonalarida qariyb 8,2 ming nafar bemor yotibdi. Mamlakatda bir sutka ichida 16 mingdan ortiq yangi kasallanish holatlari aniqlangan.

«Vaziyat jiddiy. Inqirozli ssenariy haqiqatga aylandi. Bemorlarni yotqizish va davolashda xalqaro yordam olish bo‘yicha muzokara olib bormoqdamiz», dedi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha markaziy shtab raisi Yan Gamachek.

 Mamlakat o‘tgan yilning kuzidan buyon keskin cheklovlar sharoitida yashamoqda. Restoran va qahvaxonalar faqat taom yetkazib berish uchun ishlamoqda, oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa do‘konlar, bog‘cha va maktablar yopilgan, kech soat to‘qqizdan tonggi beshgacha komendantlik soati joriy etilgan.

Fevral oxiridan buyon jamoat joylarida ustma-ust ikkita niqob yoki respirator taqish majburiy etib belgilangan.

Ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, kasallanish holatlari o‘smoqda. Mamlakatda kasallikka chalinganlar soni 1,3 mln nafarga yaqinlashgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid