Jahon | 22:57 / 10.03.2021
6985
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Shveytsariyada ayollarning niqob taqishlari taqiqlanishini qoraladi

Qonun ayollarning qanday kiyinishlarini belgilamasligi kerak. Hech kim ayollarni yuzini berkitishga majburlamasligi kerak. Ammo niqob yoki paranji taqishning rasman taqiqlanishi ayollarning diniy erkinligini cheklaydi.

Foto: Fabrice Coffrini/AFP

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan jamoat joylarida yuzni yopishni taqiqlash masalasi bo‘yicha referendum natijasi yuzasidan ana shunday bayonot bilan chiqdi

Ekspertlarning fikricha, yuzni berkituvchi libos predmetlari xavfsizlik, salomatlik yoki boshqalarning huquqlariga nisbatan xavf tug‘dirishi haqidagi «noaniq ta'kidlar» huquq va erkinliklarni cheklash uchun qonuniy sabab bo‘la olmaydi.

 «Ayolni eri yoki oila a'zolari majburlagani uchun yoxud diniy e'tiqodidan kelib chiqib o‘z xohishi bilan niqob taqqanidan qat'iy nazar, niqobning taqiqlanishi ayollarni chetga surib qo‘yadi va ularning jamiyat hayotidan surib chiqarilishiga olib keladi», – dedi boshqarma vakili Ravina Shamdasani.

 U Yevropadagi musulmon ayollar liboslari sababli kamsitishlar, dushmanlarcha munosabatga ko‘p duch kelishlari va hatto hujumlarga uchrashlarini, niqob yoki paranji taqishning rasman taqiqlanishi vaziyatni yanada murakkablashtirishini ta'kidladi.

 Boshqarma musulmon ayollarning kamsitilishiga «qonunan ruxsat berilgani»dan chuqur taassuf bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 7 mart kuni Shveytsariyada jamoat joylarida yuzni yopishni taqiqlash masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda ishtirok etganlarning 53 foizga yaqini jamoat joylarida yuzni yopishni taqiqlovchi qonun qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi, 47 foizdan ko‘prog‘i bu tashabbusga qarshi chiqdi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid