Qirğiziston prezidentining matbuot kotibi Galina Bayterek prezident Sadir Japarovning Toşkentga taşrifi yakunlari yuzasidan bayonot berdi.
Qirğiziston prezidentining rasmiy saytida e'lon qilingan bayonotda bir neçta masalalar qatori davlat çegaralari yuzasidan ham töxtalib ötilgan.
«Tomonlar davlat çegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qiliş masalalarini kelgusi uç oy içida yakunlaş kerak degan fikrga keldilar. Davlat çegaralarining huquqiy rasmiylaştiruvi çegaraoldi hududlaridagi barqarorlikni mustahkamlaydi, ikki tomonlama aloqalar rivojiga yangi turtki beradi», – dedi Bayterek.
Uning sözlariga köra, tez orada ikki davlat örtasidagi 7 ta nazorat-ötkaziş punkti faoliyati tiklanadi: «Özbekiston tomoni yuk taşiş masalasini hal qilişga va zarurat bölganda, [bu NÖPlarni] hujjatlarni skanerlaş uçun maxsus texnikalar bilan ta'minlaşga va'da berdi».
«Qirğiziston tomoni özbek anklavi Söx bilan aviaaloqani oçişga tayyor. Öz navbatida, Özbekiston tomoni hozirgi vaqtga qadar çegaraoldi hududlar aholisi örtasida ziddiyatlarga sabab bölgan nizoli hudud – Ungartepaga ortiq da'vo qilmaslikka tayyor», – deyiladi Qirğiziston prezidenti matbuot kotibining rasmiy bayonotida.
Bayonot e'lon qilingaç, ma'lum vaqt ötib öçirildi va ayrim özgarişlar bilan qayta e'lon qilindi. Rasmiy axborotning dastlab e'lon qilingan talqinida yuqoridagi xatboşi quyidagiça mazmunda edi:
«Qirğiziston tomoni özbek anklavi Söx bilan transport va aviaaloqani oçişga tayyor. Anklav aholisi davlat çegarasi orqali erkin harakatlanişi mumkin böladi. Öz navbatida, Özbekiston tomoni hozirgi vaqtga qadar çegaraoldi hududlar aholisi örtasida ziddiyatlar va siyosiy taranglikka sabab bölib kelgan Ungartepani berişga tayyor».
Galina Bayterekning qayd etişiça, çegaralarni delimitatsiya qiliş böyiça boşqa bahsli masalalarni qöşma komissiya hal etadi.
Eslatib ötamiz, Toşkentdagi muzokaralardan söng ikki davlat rahbarlari jurnalistlar bilan uçraşgan va unda Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev çegara masalalari böyiça 3 oyda bir töxtamga kelinişini aytgandi.








