Jahon | 21:27 / 18.03.2021
4447
2 daqiqa o‘qiladi

Armanistonda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladi

Nikol Pashinyan / Foto: Kommersant'

Armanistonda 20 iyunda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan e'lon qildi.

Uning ta'kidlashicha, saylovlarni o‘tkazish haqidagi qaror muxolif fraksiya “Gullayotgan Armaniston” yetakchisi Gagik Tsarukyan bilan uchrashuv natijalariga ko‘ra va prezident Armen Sarkisyan pozitsiyasi hisobga olinib qabul qilindi. 

“Uchrashuv davomida ichki siyosiy vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yo‘li muddatdan avval parlament saylovlari ekanini ta'kidladik. Barcha jihatlar e'tiborga olinib, joriy yil 20 iyunida respublikada navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladi”, deb ma'lum qilgan Pashinyan Facebook’da. 

Armanistonda 2020 yil 27 sentyabrdan beri Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashgani vaqtda kiritilgan harbiy holat amal qilmoqda. Biroq Armaniston konstitutsiyasida parlament saylovlari harbiy yoki favqulodda holat vaqtida o‘tkazilmasligi ko‘rsatilgan.  

Armanistondagi siyosiy vaziyat Pashinyanning qurolli kuchlar bosh shtabi rahbariyati bilan nizoga borishi oqibatida keskinlashgandi. Bunga bosh shtab boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryanning iste'foga chiqarilishi sabab bo‘lgan. Shundan keyin Pashinyan Armaniston prezidentiga bosh shtab boshlig‘i Onik Gasparyanni ham iste'foga chiqarish haqida ikki marta iltimosnoma jo‘natgan. Bosh vazir ta'kidlaganidek, Gasparyan egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgan, uning o‘rnini esa vaqtincha Stepan Galstyan egallagan. Biroq 18 mart kuni Armaniston ma'muriy sudi Gasparyanni o‘z lavozimida qoldirishga qaror qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid