00:04 / 26.03.2021
4923

Boltiq davlatlari Belarusning yana 118 nafar rasmiy shaxsiga qarshi sanksiyalar kiritdi

Boltiq davlatlari - Litva, Latviya va Estoniya Belarus hukumati vakillari va ularning tarafdorlariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Endilikda ularga Boltiq davlatlari hududiga kirish taqiqlanadi.

Foto: TUT.by

Sanksiyalar ostiga 118 nafar rasmiy shaxs tushgan. Boltiq davlatlari sanksiyalarni Belarus xalqi bilan birdamlik belgisi sifatida kiritgan.

“Belarusdagi tuzum tomonidan davom etayotgan qatag‘onlarga javoban va belarus xalqining demokratik intilishlarini qo‘llab-quvvatlagan holda Litva, Latviya va Estoniya Boltiq davlatlari hududlariga kirishi taqiqlangan xorijliklar ro‘yxatini kengaytiradi”, deb aytilgan Litva tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Sanksiyalar ostiga jumladan Belarus ichki ishlar tizimi xodimlari ham tushgan. Ta'kidlanishicha, ular mamlakatda 2020  yil avgustda o‘tgan prezident saylovlari natijalarini soxtalashtirishga hamda mamlakatdagi qatag‘onlarga aloqador.

Avvalroq Boltiq davlatlari Belarusning 156 nafar mansabdor shaxsi, jumladan prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Endi ushbu davlatlar sanksiyalar ro‘yxatida 270dan ko‘proq belaruslik amaldor ismi bor. 

Avvalroq Yevropa ittifoqi ham Belarusga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Sanksiyalar ostiga 88 jismoniy shaxs va 7ta kompaniya tushgan. 

Belarusda 2020 yil avgustdan beri prezident saylovlari natijalariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Saylovlarda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko katta ustunlik bilan g‘alaba qozongandi.

Lukashenko tuzumining qonuniyligini Yevropa ittifoqi, AQSh, Ukraina va boshqa ko‘plab davlatlar tan olmay kelmoqda.

Top