Xitoy va O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan vaksina har ikki mamlakatda ro‘yxatga olingani ma'lum qilindi
O‘zbekistonda 1 apreldan koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari boshlanmoqda.
Emlashda foydalaniladigan vaksinalardan biri – xitoylik va o‘zbekistonlik olimlar hammuallifligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi ushbu ikki mamlakatda ham ro‘yxatdan o‘tkazilib, qo‘llash uchun ruxsat berilgan.
Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlar asossizligi to‘g‘risida Kun.uz'ga taqdim etilgan rasmiy relizda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Xitoyning «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd» kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda 3-bosqich sinovlari o‘tkazilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini Xitoyda amaliyotda qo‘llash bo‘yicha 2021 yil 10 mart kuni ruxsatnoma berilgan.
Hujjatni Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti, Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi huzuridagi Tibbiyot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi maxsus ishchi guruhi tasdiqlagan.
Mazkur vaksina 2020 yil 1 mart sanasida O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi tomonidan tegishli guvohnoma berilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekistonda vaksina olgan fuqaro, qanday vaksina bilan emlanishidan qat'i nazar, agar u ikki (AstraZeneca) yoki uch marotaba (ZF-UZ-VAC2001) emlanib, to‘liq emlash kursini tamomlagan bo‘lsa, unga emlanganlik haqida, maxsus xalqaro talablarga mos keladigan QR-kodli sertifikat beriladi.
Xitoy-o‘zbek vaksinasining ilk partiyasi O‘zbekistonga 27 mart kuni 1 mln dozada olib kelingan edi. ZF-UZ-VAK2001 vaksinasidan aprel-iyun oylarida yana 3,5 million doza olib kelinishi kutilmoqda.
Avvalroq, O‘zbekiston va Xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi narxi bo‘yicha ma'lumotlarni ochiqlamaslik to‘g‘risida davlatlararo shartnoma imzolagani ma'lum qilingandi.
Mavzuga oid
16:51
Bolalarda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan maymun chechak vaksinasi tasdiqlandi
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024
Britaniyada norovirusga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi
21:15 / 13.09.2024