«156 mln dollar suvda oqib ketaveradimi?» - Angrendagi shina zavodi faoliyati tanqidga uchradi
Zavod chetdan qarz olib qurilgan, keyin yana chetdan qarz olib pandemiya davrida qo‘llab-quvvatlangan edi. Mahalliy ishlab chiqaruvchiga oson bo‘lsin deb shina importiga boj joriy qilingandi. Ammo ma'lum bo‘lishicha, korxona samarasiz ishlamoqda.

Foto: Fotolia
Toshkent viloyatidagi «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ faoliyati samarasizligi, 2020 yilda zavod ishlab chiqarish quvvati atigi 15 foizni tashkil etgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov Hisob palatasiga tayanib bergan ma'lumotga ko‘ra, zavod omborida «sifat talabiga javob bermaydigan» 100 mingta shina sotilmay turibdi.
«Hisob palatasi ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eksimbankidan jalb qilingan 156,4 million dollar mablag‘ hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi 3 million dona shina ishlab chiqarishi va shinalar UzAuto Motors'da import o‘rnini qoplashi kerak edi.
Angren shina zavodi quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Sababi doimgidek, sifat talabiga javob bermaydi. O‘z navbatida, so‘nggi ikki yilda UzAuto Motors 60 million dollarga yaqin mablag‘ga shina import qilgan», dedi parlament quyi palatasi vitse-spikeri.
Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev zavod ta'sischilari va ommaga bir necha savollar bilan yuzlandi.
«Eng achinarlisi, shundoqqina Andijondagi UzAuto Motors bu shinalarni sotib olmayapti. Sabab sifatida bu mahsulotlar GM kompaniyasi standartlariga sertifikatlashtirilmagani keltirilmoqda.
Nahotki, bu loyiha ishlab chiqilayotganda birinchi bozorimiz bo‘lgan ichki avtomobillar sertifikat talablariga moslashish zarurligi o‘ylanmagan bo‘lsa? Loyiha tashabbuskorlariga, uni ishlab chiqqanlarga chora ko‘riladimi yoki shunchaki 156 million dollar suvda oqib ketdi, deb ketilaveradimi?
Tabiiyki, loyiha nega bunday muvaffaqiyatsizlikka uchragani odamni o‘ylantiradi. Nahotki, bu boshidan to‘g‘ri rejalashtirilmagan bo‘lsa? Yoki shuncha qarz mablag‘lari noto‘g‘ri ishlatildimi? Loyiha tashabbuskori kim? Loyihaga mas'ul bo‘lganlar qonun oldida javob beradimi?» – deya yozdi Doniyor G‘aniyev Telegram-kanalida.
Deputatning savollariga javoban, Hisob palatasi raisi o‘rinbosari Bahodir Turobov holat yuzasidan tergov boshlanganini ma'lum qildi.
«Materiallar administratsiya topshirig‘i bilan huquqni muhofaza qilish organlariga berilgan. Bugungi kunda tegishli tergov jarayonlari olib borilyapti. Bu masalada barcha e'tirozlarimizni vazirlik va idoralarga yetkazganmiz. Hujjatlarni rasmiylashtirib, materiallarni berganmiz», – dedi palata rasmiysi.
Bugun, 7 aprel kuni zavod tashabbuskori – «O‘zkimyosanoat» AJ masala yuzasidan izoh berdi.
«Haqiqatan, 2020 yilda ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtirish rejasi 40 foiz o‘rniga 15 foizni tashkil etdi. Buning asosiy sababi – koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan cheklovlar oqibatida aksariyati xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan xomashyo va materiallarning importi cheklandi, ishlab chiqarishda to‘xtalishlar yuzaga keldi, mahsulot sotuvi pasaydi va aylanma mablag‘larning tanqisligiga olib keldi.
Shuningdek, Xitoyning LingLong kompaniyasi bilan General Motors korporatsiyasi talablari asosida mahsulotlarni va korxonani omologatsiyadan o‘tkazish uchun texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolash muddatining orqaga surilishiga olib keldi», – deyiladi jumladan rasmiy tushuntirishda.
Qayd etilishicha, zavodda 2019 yildan buyon umumiy qiymati 266 milliard so‘m bo‘lgan 704,1 ming dona avtomobil shinalari, 16,9 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari va 72,9 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarilgan.
Bayonotda, korxona ISO 9001, IATF 16949, ECE 30, ECE 54, ECE 106, ECE 117 xalqaro standartlar talablarini joriy qilgani, 837 kishini ish bilan ta'minlagani, davlatga 35 mlrd so‘m soliq to‘lagani aytiladi.
UzAuto Motors kompaniyasi vakilining Kun.uz'ga bildirishicha, 2019-2020 yillarda «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJdan shinalar umuman xarid qilinmagan, aksincha xorijdan import qilingan.
Masalaning qiziq jihati shundaki, zavodda shinalar ishlab chiqarish 2018 yil iyul oyidan boshlagan bo‘lsa-da, hozirga qadar avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistondagi eng yirik kompaniya hisoblangan UzAuto Motors mazkur korxona shinalarini sotib olmagani aytilmoqda.
Shuningdek, «O‘zkimyosanoat» munosabatida 2020 yil noyabr oyida Linglong kompaniyasi va «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ o‘rtasida korxona va mahsulotlarni General Motors korporatsiyasi talablariga muvofiq sertifikatlashda texnik ko‘mak berish va omologatsiya bo‘yicha ishlarni amalga oshirish bo‘yicha 4 yillik shartnoma imzolangani keltirilgan.
«Ushbu shartnoma avtomobil shinalari sifati va korxonaning tizimli faoliyati bo‘yicha 30 qismdan iborat AQShning General Motors korporatsiyasi tomonidan o‘rnatilgan BIQS talablari asosida «UzAuto Motors» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun shinalar yetkazib berishni ta'minlaydi.
Hozirda korxona Xitoyning LingLong kompaniyasining texnik ko‘magi ostida mazkur talablarni bajarish bo‘yicha ishlar yakuniga yetish arafasida turibdi va joriy yilning sentyabridan boshlab Damas avtomobillari uchun yil yakuniga qadar 60 ming dona avtomobil shinalari yetkazib beriladi. 2023 yilga kelib esa «UzAuto Motors» AJga 7 turdagi 37,4 million dollar qiymatidagi 1,2 million dona avtomobil shinalari yetkazib berish rejalashtirilgan», – deyiladi rasmiy bayonotda.
Kun.uz suhbatlashgan UzAuto Motors vakili haqiqatan ham shunday rejalar borligini tasdiqladi.
Moliyachi Otabek Bakirov «O‘zkimyosanoat» munosabatiga fikr bildirar ekan, zavod 2020 yilni qancha zarar bilan yakunlagani ochiqlanmaganiga e'tibor qaratdi.
«Juda uzun va almoyi-jalmoyi yozilgan matnda zavodga qo‘yilayotgan eng asosiy e'tiroz – uning iqtisodiy samarasiz ekani borasidagi savollarga birorta javob yo‘q.
Zavod 2020 yilni qancha zarar bilan yakunladi? Koronavirusdan o‘layotganlarni davolash uchun olingan tashqi qarzlardan zavodga berilgan milliardlar qay maqsadda ishlatildi? Tashqi qarz qaysi manbalar hisobiga so‘ndirilmoqda?
288,6 ming dollarlik eksport hisobiga deya ko‘rmang, bu kulgili, qarzning foizi tugul, turli komissiyalarini qoplashga yetmaydi.
Darvoqe, pul to‘lab, oylab kutib «Damas» olayotganlarga sabr-toqat tilayman: sentyabrdan boshlab «Damas» avtomashinalari uchun zavodning shinalari qo‘yila boshlar ekan. Salondan to‘g‘ri bozorga o‘taverasizlar», – ta'kidlaydi Otabek Bakirov.
Uning eslatishicha, bundan 2 yil avval, Angrendagi shina zavodi manfaatlarini ko‘zlab, har bir import qilingan shina uchun 10 foiz, lekin 3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda boj kiritilgan.
«Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ direktori G‘ulomjon Ibragimov 2004-2010 yillarda «O‘zkimyosanoat» raisi bo‘lgan.
O‘tgan yili korxonaga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 40 mlrd so‘m ssuda berilgandi.
Ta'kidlash kerak, «O‘zkimyosanoat» munosabatida 2021 yilda zavod ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtirish 40 foizga yetkazilishi keltirilgan, ammo omborda 100 mingta shina sotilmay turgani va unga talabning qay darajada ekani haqida so‘z yuritilmagan.
Islombek Umaraliyev
Tavsiya etamiz
O‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi
O‘zbekiston | 11:20 / 14.03.2025
Putin AQSh va Ukrainaning 30 kunlik otashkesim taklifiga rozi bo‘ldi
Jahon | 23:00 / 13.03.2025
“Xitoy bilan oramiz buzilishini istovchi davlatlar bor” – tarmoqdagi dolzarb mavzu haqida suhbat
O‘zbekiston | 15:17 / 13.03.2025
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30 / 13.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ukraina Qurolli kuchlari Kursk oblastidagi asosiy vazifasini bajarib bo‘ldi - Zelenskiy
Jahon | 00:22
-
Qashqadaryoda bosqinchilik bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi
Jamiyat | 23:40 / 14.03.2025
-
Kanadaning yangi bosh vaziri qasamyod keltirdi
Jahon | 23:29 / 14.03.2025
-
Ozoda Nursaidova klipi jarayonida avariya bo‘lgan aktrisa Turkiyada operatsiya qilinadi - voqea tafsilotlari
Jamiyat | 23:03 / 14.03.2025
Mavzuga oid

08:48 / 10.02.2025
Isitishda rezina shinalardan foydalangan issiqxonalar jarimaga tortildi

18:58 / 25.11.2023
Avtomobil shinalari uchun utilizatsiya yig‘imi qanday to‘lanishi haqida tushuntirish berildi

15:48 / 23.11.2023
“Shinalar uchun utilizatsiya yig‘imi hammaga birdek qo‘llanadi” - Ahadbek Haydarov

22:35 / 26.01.2023