19:29 / 14.04.2021
3545

Nikol Pashinyan aprel oxirida iste'foga chiqishini ma'lum qildi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatda muddatdan avval parlament saylovlari o‘tkazilishi uchun aprelning oxirgi 10 kunligida iste'foga chiqishini ma'lum qildi. 

Foto: Reuters

 “Aprelning oxirgi 10 kunligida iste'foga chiqaman. Iste'foga chiqqanimning 7-kuni parlamentda yangi bosh vazir saylovlari bo‘lib o‘tadi. Bosh vazir lavozimiga nomzodim “Mening qadamim” fraksiyasidan ilgari suriladi. Boshqa fraksiyalar saylovlarga nomzodini ilgari surmaydi. Meni bosh vazir etib saylashmaydi”, deb tushuntirgan Pashinyan parlamentdagi “hukumat soati” vaqtida.

Uning aytishicha, shundan keyin bosh vazirni saylashga yana bitta urinish amalga oshiriladi. Unda “Mening qadamim” fraksiyasining uchdan bir a'zosi Pashinyan nomzodini bosh vazir lavozimiga ilgari suradi.

“Boshqa fraksiyalar yana o‘z nomzodini ilgari surmaydi. Men yana saylanmayman, shundan keyin Armaniston parlamenti tarqatiladi va 20 iyunga muddatdan avval parlament saylovlari o‘tkazilishi belgilanadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Pashinyan.  

Armaniston konstitutsiyasiga ko‘ra, Armaniston parlamentini tarqatish uchun bosh vazir iste'foga chiqishi lozim. Agar parlament yangi bosh vazirni ikki urinishda saylay olmasa, unda parlament avtomatik ravishda tarqatiladi, so‘ngra parlamentga yangi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin yangi bosh vazirni parlamentdagi ko‘pchilik tayinlaydi.  

Parlament saylovlari Armanistonning saylov kodeksiga kiritilgan yangi tuzatmalar bo‘yicha o‘tadi. Bu tuzatmalar saylovlarning reyting tizimidan voz kechishni va ovoz berishning faqat proporsional tizim bo‘yicha o‘tkazilishini ko‘zda tutadi.

Armaniston parlamentidagi muxolif fraksiyalar saylovlarning yangilangan saylov kodeksi bo‘yicha o‘tkazilishiga rozi bo‘lgan. 

 Biroq parlamentdan tashqari muxolifat muddatdan avval parlament saylovlari amaldagi rahbariyatsiz va vaqtinchalik hukumat shakllantirilgandan keyin o‘tkazilishi kerakligini aytmoqda.

Mavzuga oid
Top