O‘zbekiston | 22:31 / 21.04.2021
12010
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mobil internet arzonligi bo‘yicha 21-o‘rinda, ammo tezlik borasida so‘nggi o‘rinlarda qolmoqda

O‘zbekiston mobil internet arzonligi bo‘yicha Cable.co.uk reytingida 21-o‘rinda qayd etildi. Unga ko‘ra, respublikada 1 Gb mobil trafik o‘rtacha 60 sentga tushadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha reytingda so‘nggi o‘rinlarda qolmoqda.

Britaniyaning Cable.co.uk portali dunyo mamlakatlarida mobil internet narxlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni e'lon qildi.

Unga ko‘ra, mobil internet arzonligi bo‘yicha 2021 yilgi reytingda O‘zbekiston 230 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi.

Portalda qayd etilishicha, 2021 yil 23 fevral holatiga O‘zbekistonda 1 Gb mobil internet narxi o‘rtacha 60 sentni tashkil etadi.

Cable.co.uk mamlakatda mobil internet narxi yildan yilga pasayib borayotganini qayd etgan. Unga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistonda 1 Gb mobil trafik narxi o‘rtacha 3,3 dollar, 2020 yilda esa o‘rtacha 1,3 dollar bo‘lgan.

2021 yilgi reytingda birinchi o‘rinni Isroil band qilgan, bu yerda 1 Gb mobil internet o‘rtacha olganda bor-yo‘g‘i 5 sent turadi. Ikkinchi o‘rinda – 15 sent narx bilan Qirg‘iziston.

Yuqori beshlikda Fiji (19 sent), Italiya va Sudan (har ikkisida – 27 sent) qayd etilgan. Rossiya oltinchi (32 sent), Qozog‘iston esa O‘zbekistondan bitta oldin – yigirmanchi (59 sent) o‘rindan joy olgan.

1 Gb mobil internetning o‘rtacha narxi Turkmanistonda 21,4 dollar, BAAda 7,6 dollar, Shveytsariyada 5 dollar, Janubiy Koreyada 4,7 dollar, AQShda 3,3 dollar, Tojikistonda 2,6 dollar ekani qayd etilgan.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining izohlashicha, Cable.co.uk portali tahlil qilinayotgan mamlakatdagi barcha aloqa operatorlarining 1 Gb mobil internet trafik narxlari haqida ma'lumotlarni olib, ularning o‘rtacha qiymatini (mediana) belgilaydi va reytingga kiritadi.

Tahlil uchun asosan internet xizmatidan foydalanish uchun mo‘ljallangan tarif rejalar va xizmatlar haqidagi ma'lumotlar olingan, deya aniqlik kiritgan vazirlik.

AKT vazirligi mart oyida O‘zbekistonda 1 gigabayt mobil internet o‘rtacha narxi 6-7 ming so‘m ekanini ma'lum qilgandi.

  • O‘zbekiston Speedtest.net servisining mobil internet tezligi bo‘yicha reytingida 140 mamlakat orasida 129-o‘rinda bormoqda.
  • Mamlakat o‘tgan yili Freedom House'ning internet erkinligi bo‘yicha reytingida so‘nggi o‘nlikdan joy olgandi.

Mavzuga oid