Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya IIV murojaat bilan chiqdi: noqonuniy migrantlarning mamlakatda bo‘lib turish muddati uzaytiriladi
Buning uchun ular vazirlikning hududiy bo‘linmalariga murojaat qilishlari lozim. Bunday fuqarolar va ularning oila a'zolariga mamlakatda bo‘lib turishlariga ruxsat beruvchi tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishi aytilmoqda.
Rossiya ichki ishlar vazirligi mamlakatdagi noqonuniy migrantlarning Rossiya hududida bo‘lib turish muddatini uzaytiradi. Bu haqda mamlakat IIV murojaatida ma'lum qilindi.
Murojaatda qayd etilishicha, prezident Vladimir Putinning farmoniga muvofiq mamlakatda qonuniy bo‘lib turish talabini bajarmagan xorij fuqarolariga «huquqiy holatlarini tartibga solish imkoniyati» berilgan.
Buning uchun ular vazirlikning hududiy bo‘linmalariga murojaat qilishlari lozim. Bunday fuqarolar va ularning oila a'zolariga mamlakatda bo‘lib turishlariga ruxsat beruvchi tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishi aytilmoqda.
«Dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi sharoitida Rossiya ichki ishlar vazirligi tomonidan xorij fuqarolarining huquq va erkinliklarini himoya qilish, Rossiyada ularning xavfsizligini ta'minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda», deyiladi murojaatda.
Avvalroq Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy MDH davlatlari shu yilning 15 iyuniga qadar Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan o‘z fuqarolarini olib chiqib ketishi kerakligini aytgandi.
IIV ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada ayni vaqtda Armanistonning 61 ming, Ozarboyjonning 120 ming, Tojikistonning 247 ming, Ukrainaning 152 ming, O‘zbekistonning 332 ming, Qirg‘izistonning 115 ming, Qozog‘istonning 49 mingdan ortiq fuqarolari noqonuniy bo‘lib turibdi.