O‘zbekiston | 23:59 / 22.04.2021
5128
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyada O‘zbekiston fuqarolari uchun doimiy konsultatsiya xizmati ishga tushadi

O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi Southwest Seoul Global Center xorijiy fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri xabar bermoqda.

Southwest Seoul Global Center markazi Koreyada bo‘lib turgan chet elliklarga huquqiy, mehnat va oila munosabatlari, migratsiya masalalarida beg‘araz yordam va maslahatlar berishga ixtisoslashgan.

Markazda xorijiy fuqarolarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish, koreys tili o‘quv kurslarini tashkil etish, madaniy tashkilotlarga turli tadbirlarni o‘tkazishda ko‘maklashish va xorij fuqarolari uchun advokat yordamini taqdim qilish kabi xizmatlar ko‘rsatiladi.

Markaz rahbari Kim Dong Xun O‘zbekiston tomoni bilan ishlab chiqilgan ushbu memorandum kompaniya uchun chet elchixonasi bilan imzolangan birinchi kelishuv hisoblanishini ta'kidladi.

Uning ma'lum qilishicha, endilikda markazda O‘zbekiston fuqarolari uchun alohida telefon orqali o‘zbek tilida doimiy maslahat berish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi ushbu memorandumda belgilangan chora-tadbirlar va yangi imkoniyatlar haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali qo‘shimcha ma'lumot berilishini ma'lum qildi.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid