11:37 / 23.04.2021
4562

XDP: «Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbariyatining faoliyatiga qat'iy baho berilishi zarur»

Xalq demokratik partiyasi Migratsiya agentligi orqali ishlash uchun borgan bir necha yuz o‘zbekistonlik Moskva oblastidagi ishchilar yotoqxonasi hududida ommaviy norozilik bildirishi yuzasidan munosabat bilan chiqdi.

Ma'lumot uchun, norozilikka chiqqan o‘zbekistonliklar deyarli 2 oydan buyon karantinda qolmoqda, pasportlari olib qo‘yilgan.

«Uch oydan beri karantinda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatisiz, na yeyishida va na dam olishida halovati yo‘q, sharoitsiz qiynalayotgan yurtdoshlarimizni ko‘z oldingizga keltirsangiz, ham rahmingiz keladi, ham qahringiz.

Samimiy, mehnatkash, bag‘rikeng xalqimiz o‘g‘lonlarining o‘zga yurtlarda ish izlab, o‘z haq-huquqini himoya qilishga majbur bo‘lishiga kim aybdor?..

Nima uchun O‘zbekiston arzon ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlatga aylanib qolyapti?..

Tashqi migratsiya agentligi vaziyat bo‘yicha bayonot berdi, bu vaziyat yuzaga kelgani uchun, eng avvalo, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va agentlik mas'ullari aybdor emasmilar?

Bayonotda o‘rganish ishlari olib borilib, ushbu vaziyat nazoratga olingani, muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha «ANTEK» MChJ rahbariyati bilan muzokaralar olib borilayotgani aytib o‘tilgan.

Yurtdoshlarimizning hujjatlari olib qo‘yilib, erkinliklari cheklangan holatda majburan ushlab turilishi – inson huquqlariga zidligini inobatga olsak, davlat himoyasida ekaniga ishonch bilan ketgan fuqarolarimizning huquqlari poymol bo‘lishiga Agentlik yoki vazirlik mas'ullarida javob bormi?» – deyiladi munosabatda.

XDP munosabatiga ko‘ra, yurtdoshlarimiz dunyoning qaysi manzilida bo‘lishsa ham ularning huquqlari va erkinliklari himoya qilinishi shart.

«Norozilik namoyishi kelib chiqish sabablari atroflicha o‘rganilib, yurtdoshlarimizning huquqlari tiklanishi, masalani tinch yo‘l bilan hal qilish va ushbu vaziyat yuzaga kelishiga aybdor barcha shaxslar tegishli tartibda jazolanishi shart, deb hisoblaymiz.

Mamlakatimizda bandlik masalasi juda dolzarb bo‘lib borayotgan vaqtda, mas'ul vazirlikning bunga nisbatan aniq maqsadli, natijali rejalari, strategiyasi borligi sezilmayapti. Shu bois hukumat aholi bandligini ta'minlash, mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq siyosatini tubdan qaytadan ko‘rib chiqishi, bu borada sustkashlik qilayotgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbariyatining faoliyatiga qat'iy baho berishi zarur, deb hisoblaymiz», – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top