18:28 / 29.04.2021
10874

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga rektor tayinlandi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, Akmal Abdiqahharovich Sidiqov Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining rektori etib tayinlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 34 yoshli tibbiyot fanlari doktori Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universitetini tamomlagan. U Yevropa dermatologiya va venerologiya akademiyasi (EADV) va Yevropa dermatologik tadqiqotlar jamiyati (ESDR) a'zosidir.

Bundan tashqari, yosh olim 80dan ortiq ilmiy ishlar muallifi va hammuallifi, shu jumladan, dermatologiya sohasida 6ta ixtiro, 5ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, bitta federal klinik tavsiyanoma, 3ta monografiya va 4ta qo‘llanma muallifi hisoblanadi.

Akmal Sidiqov Toshkent davlat stomatologiya instituti kafedra mudiri, Toshkent shahar bosh dermatovenerologi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining Fanni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Tayinlovdan avval esa Sog‘liqni saqlash vazirligining Dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

  • Eslatib o‘tamiz, Farg‘onadagi mazkur institut prezidentning 2020 yil 3 dekabrdagi «Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali negizida tashkil etilib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi ushbu oliy o‘quv yurtining klinik bazasi etib belgilangandi.
Mavzuga oid
Top