Jahon | 17:27 / 04.05.2021
8945
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Yevropa biznesiga muammolar keltirib chiqarishni va'da qildi

Aprel oxirlarida Belarus hukumati sanksiya choralarini joriy etdi va mamlakat hududiga Skoda auto, Liqui Moly va Beiersdorf savdo markalari mahsulotlari olib kirilishini taqiqladi.

Foto: president.gov.by

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hukumatga mamlakatda faoliyat olib borayotgan Yevropaning yirik kompaniyalari to‘g‘risida ma'lumot berishni buyurdi va YeI Belarusga qarshi sanksiyalar kiritadigan bo‘lsa, bu kompaniyalarga nisbatan javob choralari ko‘rilishi bilan tahdid qildi.

 "Agar yevropaliklar sanksiyalar sababli muammolar bo‘lishini istayotgan bo‘lsa, muammoga ega bo‘lishadi. Boshqa hech narsa demayman, vaqt ko‘rsatadi. Menga Yevropaning Belarusdagi eng yirik loyihalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bering. Ularning ishini ko‘ramiz. Asosiysi, hech narsa javobsiz qolmaydi", dedi u bosh vazir Roman Golovchenko bilan uchrashuv chog‘ida.

 Golovchenkoning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, Minsk "vaziyatga qarab" javob beradi.

"Davlat rahbari maxsus himoya choralarini qo‘llash to‘g‘risida farmon qabul qildi. Kelgusida vaziyatdan kelib chiqib harakat qilamiz", - dedi Golovchenko.

Aprel oxirlarida Belarus hukumati sanksiya choralarini joriy etdi va mamlakat hududiga Skoda auto, Liqui Moly va Beiersdorf savdo markalari mahsulotlari olib kirilishini taqiqladi.

30 mart kuni Lukashenko Belarus kompaniyalari yoki fuqarolariga nisbatan sanksiya kiritgan mamlakatlardan mahsulot olib kirish taqiqlanishi mumkinligi to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid