O‘zbekiston | 21:44 / 11.05.2021
21767
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Isroil harbiylarining Masjidul Aqsoga «ochiqdan ochiq hujumi»ni qoraladi

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Isroil kuchlarining Quddusda joylashgan al-Aqso masjididagi xatti-harakatlarini qoraladi.

Foto: Reuters

Vazirlik bayonotida ro‘y bergan holat «Masjidul Aqsoning muqaddasligi va ibodat qiluvchilarning xavfsizligiga qarshi Isroil okkupatsiya kuchlari amalga oshirgan ochiqdan ochiq hujum» deb ta'riflangan.

Podshohlik jahon hamjamiyatiga murojaat qilarkan, Quddusdagi vaziyat taranglashishiga Isroilni javobgar deb hisoblashga chaqirgan. Saudiya Arabistoniga ko‘ra, Isroilning xatti-harakatlari «barcha xalqaro normalar va qonun-qoidalarga ziddir».

«Vazirlik shuni ta'kidlaydiki, podshohlik Falastin xalqi bilan. Biz okkupatsiyaga barham berish va Falastin davlatining 1967 yilda belgilangan chegaralari tan olinishi bo‘yicha barcha sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, zero xalqaro rezolyutsiyalar va Arab Ligasiga muvofiq Sharqiy Quddus – Falastinning poytaxti», – deya xulosa qilingan Saudiya Arabistoni rasmiy pozitsiyasida.

Ma'lumot o‘rnida, isroilliklar uchun yangi uylar qurilayotgani sabab ko‘plab falastinlik oilalar sud qarori bilan Quddusdan chiqarib yuborilmoqda. Falastinliklar bunga norozilik bildirmoqda.

Tinch ruhda o‘tmayotgan bu noroziliklarni bostirish jarayonida Isroil politsiyasi 7 may, juma kuni Quddus sharqidagi musulmonlar uchun muqaddas al-Aqso masjidi joylashgan hududga ham kirib keldi, hatto masjid ichkarisiga ovozli granata otildi.

To‘qnashuvlar davomida falastinliklar Isroil politsiyachilariga toshlar bilan hujum qilgan, politsiya esa ularga qarshi ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina o‘qlar ishlatgan. Bir necha politsiyachi va 600 dan ortiq falastinlik jarohatlangani aytilmoqda.

Bir necha kun o‘tib, Falastinning HAMAS guruhi Tel-Aviv tomonga bir necha yuzta raketa zarbasi berdi. Isroil javob tariqasida G‘azo sektoridagi 130 ta obektga zarba yo‘lladi. O‘nlab qurbonlar, ular orasida bolalar ham bor.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid