15:39 / 11.05.2021
3393

YeI AstraZeneca kompaniyasidan sentyabr oxirigacha 300 mln doza vaksina yetkazib berishni talab qildi

AstraZeneca YeIga iyun oxirigacha yetkazilishi kerak bo‘lgan 300 mln doza vaksina o‘rniga 50 mln dozadan kamroq vaksina yetkazib berdi. 

Yevroittifoq sudda AstraZeneca Britaniya-Shvetsiya kompaniyasidan sentyabr oxirigacha 300 mln doza vaksina yetkazib berishni talab qildi. Bu haqda Reuters agentligi Yevroittifoq advokatiga tayanib xabar berdi.

Aprelda Yevrokomissiya shartnomani bajarmagani uchun kompaniyani sudga berdi. Kompaniya birinchi chorakda shartnomadagi 120 mln doza o‘rniga 40 mln dozaga yaqin vaksina yetkazib berdi, iyun oxirigacha yetkazilishi kerak bo‘lgan 300 mln doza vaksina o‘rniga esa 50 mln dozadan kamroq vaksina yetkazib berdi. Bu YeIning qator mamlakatlarida koronavirusga qarshi emlash kampaniyasining izdan chiqishiga sabab bo‘ldi.

Joriy yil mart o‘rtasida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa ittifoqida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani, yangi shtammlar paydo bo‘lganini ma'lum qilgan. U buni aholini emlash sur'atlari pasaygani bilan bog‘lagan va bunda AstraZeneca’ni ayblagan.

Hozirda Yevropa ittifoqida Pfizer, Moderna, AstraZeneca hamda Janssen vaksinalarini qo‘llashga ruxsat berilgan.

Top