15:51 / 14.05.2021
4262

Qoraqalpog‘istondagi «dunyoning boshqa joyida uchramaydigan, hayvon ham yurmaydigan yo‘l»da qachon qurilish-montaj ishlari boshlanishi ma'lum qilindi 

11 may kuni Kun.uz saytida Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani A-380 yo‘lining Qoraqalpog‘iston posyolkasi hududidan o‘tuvchi qismi haqida maqola e'lon qilingandi. Unda Qoraqalpog‘istondagi mashhur abgor yo‘l dunyoning boshqa joyida uchramasligi, hayvon ham yurmasligi haqida aytilgandi

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishcha, mazkur yo‘lning jami uzunligi 240 km.dan iborat bo‘lib, ta'mirtalab qismi – 100 km. U «Jasliq – Karakalpakiya posyolkasi» oralig‘ida joylashgan.

Ushbu yo‘lga qora qoplama yotqizilgan bo‘lib, bir necha yillar davomida yo‘lning ko‘tarish qobiliyatiga nisbatan og‘ir vaznda bo‘lgan avtotransport vositalarining muntazam harakatlanishi oqibatida ta'mirtalab holatga kelib qolgan.

Bugungi kunda o‘rganishlar asosida mazkur holatlar inobatga olinib, avtomobil yo‘lining ta'mirga muhtoj bo‘lgan qismini to‘liq rekonstruksiya qilish bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi.

Uning texnik iqtisodiy asoslari – Vazirlar Mahkamasining «Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi A-380 «G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» avtomobil yo‘lining 964 – 1204 km (240 km) qismini rekonstruksiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 5 martda imzolangan 124-sonli qarori bilan tasdiqlandi.

Joriy yilda o‘tkazilgan xalqaro tender natijalariga binoan, Turkiyaning «Polat Yol Yapi San. ve Tic S.A.» kompaniyasi (964 – 1084 km oralig‘i) hamda XXRning «China Road and Bridge Corporation», «CCCC Third Highway Engineering Co. Ltd.» va «Sanmenxia City Changtong Road and Bridge Construction Co., Ltd.» kompaniyalari (1084-1204 km oralig‘i) g‘olib deb topilib, shartnomalar imzolangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur loyiha 2021 – 2023 yillar oralig‘ida to‘liq amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Hozirgi kunda loyiha doirasida xalqaro kompaniyalar tomonidan qurilish-montaj ishlarini boshlash bo‘yicha maxsus texnikalar obektga ko‘chirilmoqda. Rejaga ko‘ra, iyun oyidan e'tiboran yo‘lning ta'mirtalab qismida qurilish-montaj ishlari boshlab yuboriladi, deyiladi vazirlik bayonotida.

Top