O‘zbekiston | 12:11 / 21.05.2021
6408
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 378 million dollarga kamaydi

Joriy yilning dastlabki 4 oyi davomida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 3,5 foizga kamaygan. Xususan, ushbu davr mobaynida eksport hajmi 19,1 foizga qisqargan bo‘lsa, import hajmi 7 foizga o‘sgan.

Foto: Dreamstime

2021 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 10,3 milliard dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 378,8 million dollarga yoki 3,5 foizga kamaydi.

TSAda eksport hajmi 3,48 milliard dollarga (19,1 foizga kamaydi) va import hajmi 6,84 milliard dollarga (7 foizga ko‘paydi) yetdi. Hisobot davrida – 3, 35 milliard dollar qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etilgan.

TSAning nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (20,5 foiz), Rossiya (17,8 foiz), Qozog‘iston (11,8 foiz), Turkiya (9,3 foiz), Koreya (4,8 foiz), Qirg‘iziston (2,4 foiz) va Afg‘oniston (2,3 foiz) bilan qayd etilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan oltita davlat, xususan, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Kanada va Eron bilan faol tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 14ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

Shuningdek, joriy yilning yanvar-aprel oylarida TSAning 39,3 foizi MDH davlatlariga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 foizga ko‘paygan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 3,38 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan eksport hajmi 1,04 milliard dollar, import hajmi esa 2,33 milliard dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid