Jahon | 20:43 / 11.06.2021
10603
3 daqiqa o‘qiladi

Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Liviya prezidenti saylovlarida ishtirok etmoqchi

Foto: REUTERS / Saif al-Islom Qazzofiy

Liviyaning sobiq yetakchisi, 2011 yildagi fuqarolik urushida o‘ldirilgan Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Saif al-Islom Qazzofiy siyosatga qaytib, Liviyada dekabrda o‘tadigan prezident saylovlariga o‘z nomzodini ilgari surmoqchi. Bu haqda uning o‘zi The Times ingliz nashri jurnalistlariga ma'lum qildi.

2011 yildan beri deyarli ommaviy ko‘rinish bermagan Saif al-Islom jurnalistlar bilan telefon suhbatida yaxshi ekanini va ayni vaqtda o‘zi haqida eslatish hamda aloqalarni tiklash maqsadida boshqa davlatlar diplomatlari bilan bog‘lanayotganini aytgan. Uning manfaatlarini bildiruvchi va nomidan harakat qiluvchi maslahatchilar guruhining ta'kidlashicha, Qazzofiyning o‘g‘li mavridi kelganda bu borada rasmiy bayonot berishni rejalashtirmoqda. Biroq ularning aytishicha, Saif al-Islom 24 dekabrda o‘tadigan saylovlarda ishtirok etmoqchiligini saylovlar haqidagi qonun ratifikatsiya qilinmaguncha rasman e'lon qila olmaydi. Aks holda Qazzofiyning raqiblari qonunga unga saylovlarga o‘z nomzodini qo‘yishini taqiqlovchi bandni qo‘shishga urinishlari mumkin.

Saif al-Islom Liviya prezidenti saylovlarida ishtirok etishga tayyorligini Tunisda yashagan vaqtida – 2018 yil martida e'lon qilgan. O‘shanda u o‘z nomzodini Liviyaning Ozodlik xalq frontidan ilgari surmoqchiligini aytgan. Biroq Saif al-Islom hamon xalqaro qidiruvda bo‘lib, uning hibsga olinishiga order 2011 yilda Xalqaro jinoiy sud tomonidan berilgan. U harbiy davr jinoyatlarida ayblanmoqda. Bundan tashqari, unga Liviyaning o‘zida ham shu sabablarga ko‘ra hibsga olinish xavf solmoqda.

Biroq ingliz nashrining Saif al-Islomga yaqin manbalarga tayanib ta'kidlashicha, u hamyurtlari otasi Muammar Qazzofiy hokimiyati vaqtida mamlakatda hukm surgan barqarorlikni qo‘msab, ular tomonidan o‘zining qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilmoqda.

Saif al-Islom Qazzofiy 1972 yilda tug‘ilgan. U Muammar Qazzofiyning ikkinchi o‘g‘li hisoblanadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, u hozirda Liviya milliy armiyasi tomonidan nazorat qilinuvchi Az-Zintan shahrida yashamoqda.

Mavzuga oid