Jahon | 21:30 / 15.06.2021
4611
2 daqiqa o‘qiladi

Aliyev va Erdo‘g‘an ittifoqchilik munosabatlari haqidagi deklaratsiyani imzoladi

Ozarboyjon va Turkiya prezidenti Ilhom Aliyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Tog‘li Qorabog‘ning Shusha shahrida ittifoqchilik munosabatlari haqidagi deklaratsiyani imzoladi. Aliyev ushbu hujjatning imzolanishini tarixiy yutuq deb atadi.

Foto: azertag.az

«Bugun tarixiy kun. Bugun Turkiya prezidenti, mening og‘am Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni ozod qilingan Shushada qabul qilmoqdamiz. Mening og‘am Ozarboyjonda ko‘p bo‘lgan, biroq Shushaga birinchi marta kelishi. Bugun biz imzolagan ittifoqchilik haqidagi qo‘shma deklaratsiya munosabatlarimizni eng yuqori darajaga ko‘taradi. Ushbu deklaratsiyaning barcha bandlari keyingi hamkorligimizning kafolati hisoblanadi», deb aytgan Ozarboyjon rahbari.

Uning ta'kidlashicha, Ozarboyjon va Turkiya jahon sahnasida eng yaqin davlatlar hisoblanadi, ularning birdamligi tarix, madaniyat, umumiy ildizlar, til, din, milliy qadriyatlar va manfaatlar bilan tushuntiriladi.

Aliyev Shusha deklaratsiyasining muhim bandlari ikki davlatning harbiy sohadagi hamkorligi hisoblanishini aytgan. 

«Deklaratsiyada xalqaro darajadagi hamkorlik kabi muhim masalalar, siyosiy, iqtisodiy, savdo munosabatlari, madaniyat, ta'lim, sport, energetik xavfsizlik, Janubiy gaz yo‘lagi ahamiyati aks etgan. Barcha masalalar muhim, lekin ulardan ikkitasiga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu Ozarboyjon va Turkiyaning mudofaa sanoati sohasidagi hamkorligi va o‘zaro harbiy ko‘mak», deb ta'kidlagan Aliyev.

Ozarboyjon rahbari hujjatning imzolanishini tarixiy yutuq deb atagan.

O‘z navbatida, Erdo‘g‘an Shushada Turkiyaning bosh konsulxonasi ochilishini ma'lum qilgan.

15 iyunda Turkiya prezidenti Tog‘li Qorabog‘dagi oxirgi voqealar vaqtida Boku tomonidan qaytib olingan Shushaga tashrif bilan keldi. Erdo‘g‘an Shushada tantanali kutib olindi va shahar bo‘ylab Aliyev bilan birga aylandi.

Mavzuga oid