Jahon | 19:28 / 15.06.2021
3876
2 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy alkogol va sigaret savdosi bilan shug‘ullangan 200dan ortiq diplomat JARdan chiqarib yuboriladi

Qayd etilishicha, Malavi va Lesoto diplomatlari chiqarib yuborilgan, yaqin kunlarda Esvatini qirolligi, Gana, Burundi va yana bir nechta mamlakat vakillari JARni tark etadi.

Foto: Getty Images

Janubiy Afrika Respublikasi hukumati qator Afrika davlatlarini ularning 200 nafardan ortiq diplomatini pandemiya davrida noqonuniy alkogol va sigaret savdosi bilan shug‘ullangani uchun mamlakatdan chiqarib yuborishi to‘g‘risida ogohlantirdi. Bu haqda The Times xabar berdi.

 Qayd etilishicha, Malavi va Lesoto diplomatlari chiqarib yuborilgan, yaqin kunlarda Esvatini qirolligi, Gana, Burundi va yana bir nechta mamlakat vakillari JARni tark etadi.

2020 yilda, pandemiya cheklovlari davrida JARda alkogol savdosi taqiqlangan, ammo Pretoriya va Yoxannesburgda joylashgan elchixona va konsulxona xodimlari maxsus bojsiz savdo do‘konlaridan alkogol va tamaki mahsulotlarini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Diplomatlar va ularning oila a'zolari bu mahsulotlarni ko‘plab miqdorda sotib olgan, so‘ngra ularni qimmatroq narxda noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi sotuvchilarga bergan.

 Bundan tashqari, ayrim diplomatlar hatto taqiqlangan mahsulotlar sotiladigan noqonuniy barlar ochgan. Soliq organlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning bu harakatlari oqibatida mamlakat budjetiga 404 mln funt sterling miqdoridagi savdo solig‘i tushmagan. Masalan, elchilardan birining yordamchisi esa noqonuniy savdolar ortidan 1,85 mln funt sterling pul ishlagan.

Malavi hukumati o‘z diplomatlarining bu harakatlari uchun JAR rahbariyatidan rasman uzr so‘ragan va ularga nisbatan «tegishli choralar» ko‘rilishiga va'da bergan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid