Abdulla Azizov - Özbekistonda yana 5 yil xizmat qilişi, kadrlar tayyorlaşdagi xatoliklar va odamlarga qaysi vaksinani tavsiya qilişi haqida
|21:10 / 19.06.202121 88911 min
Ötgan yilning iyul oyida soğliqni saqlaş vaziriga birdaniga 4 nafar örinbosar tayinlangan va ulardan biri köp yillar Daniya qirolligining nufuzli korxonalarida mas'ul lavozimlarda işlab kelgan Abdulla Azizov edi.
Xöş, soğliqni saqlaş tizimiga raqamlaştirişni olib kirişi aytilgan Azizov ötgan 11 oy davomida qanday natijalarga erişdi? Tibbiyotimizda nimani özgartira oldi?
Bugungi özbek jamiyatida çetda öqib, işlab kelgan kadrlarga köproq işonilmoqda. Ular bu işonçni oqlay olyaptimi?
Özining aytişiça, Daniyada oyiga 30 ming dollarlab pul topgan kişini Özbekistonda bugun nima uşlab turibdi?
Şavkat Mirziyoyev Abdulla Azizovga «intervyu berayotganingni kördim, közingda nur qolmabdi», deganda nimani nazarda tutgandi?
Kun.uz şu kabi savollar yuzasidan Özbekiston soğliqni saqlaş vaziri örinbosari Abdulla Azizov bilan intervyu uyuştirdi.
Intervyu avvalroq e'lon qilinib, ilk qismi matnlaştirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinçi qismi matni juz'iy qisqartirişlar bilan e'lon qilinmoqda.
— Siz soğliqni saqlaş tizimida ikkita vazir bilan işladingiz. Ayting-çi, qaysi vazir bilan işlaş siz uçun osonroq?
— Juda nozik savollar beryapsiz. Menga ikkala vazir bilan işlaş birdek.
— Özingiz Şodmonov demoqçidek bölyapsiz, menimça.
— Menda öz fikrimni qattiq turib himoya qiliş odati bor. Fikrlarimni ikki vazirga ham aytib, himoya qila olaman. Lekin qöllab-quvvatlaşga kelsak, meni eng köp qöllaydigan inson – prezident.
— Qayerda farmatsevtika rivojlangan ekan, öşa joyda tibbiyot kuçsiz, degan gap bor. Darhaqiqat, bizda bu soha juda rivojlangan, qandaydir xaos hukm surmoqda. Nahotki şu tarmoqni tartibga solişning imkoni yöq bölsa?
— Farmatsevtika sohasi boşqa davlatlarda ham rivojlangan soha hisoblanadi. Inson hayoti hamma uçun ham eng aziz bölgan ne'mat. Şuning uçun ham soğligi uçun har qanday qimmat dorini olişga tayyor turişadi va ba'zi holatlarda kompaniyalar bundan foydalanişadi.
Mavzuga oid
Özbekiston soğliqni saqlaş vaziri örinbosari Abdulla Azizov
Farmatsevtika – oğriqli sohamiz. Oddiy misol, onamga ikkita vraç tekşirmasdan ham 10tadan dori yozib bergan va şundan keyin toblari qoçib qoldi. Bu muammo hammada kuzatiladi. Ayrim şifokorlarimiz firmalar bilan kelişib qöyişadi: qaysi dorini yozib berişini. Daniyada öğlim şamollaganda vraç unga penitsillin yozib berganda onam hayron böldilar haliyam şu dori vositasi qöllanişini eşitib. Bizda esa eng kuçli antibiotikni yozişadi, bu notöğri. Çunki keyingi safar undan ham kuçliroğini olişga töğri keladi.
Albatta, bu masalada qöl qovuştirib ötiriş niyatimiz yöq. Dorilar röyxati asosida mobil ilova yaratilyapti. Unga dori nomini kiritiş orqali narxlari, analogi haqida ma'lumot oladi. Bu juda qulay ilova böladi xalqimiz uçun.
— Şaxsan sizning taşabbusingiz bilan soğliqni saqlaş vazirligi yangi binoga köçib ötdi. Ayting-çi, yangi binoga ötiş uçun qança mablağ ketdi?
— Yangi binoga köçiş uçun heç qanday mablağ ketmadi, çunki bino 2019 yilda ta'mirlangan ekan. Biz uçun bino muhim emas, yangi binolar bölgani yaxşi, lekin avval bazani töğrilaşimiz kerak. Aholi salomatligini, ularning uzoq umr körişlarini ta'minlaş birinçi vazifamiz. Şunga urğu berişimiz kerak.
Masalan, Kuba – tibbiyoti kuçli davlat. U yerda şifokorlar bilimi eksport qilinadi. Ular katta-katta binolar qurmagan, lekin bu tizimning bazasini kuçli qilgan. Hozir bizda şifokorlarning oyligini birdaniga 5 ming dollar qilib, tibbiyotda sifatni oşirib bölmaydi. Çunki ularda bilim darajasi öşa-öşaligiça qoladi. Pulni bilimi kuçlilarga beriş, qolganlar esa unga qarab intilişlari kerak.
Daniyada yaxşi maoşga erişiş uçun 15 yil harakat qilganman, moliyaviy jihatdan köra, öz işimni sevişim ustun kelgan. Tinimsiz harakatlar, izlaniş yaxşi maoşga olib boradi.
— Intervyu davomida menda şunday xulosa uyğonyaptiki, Abdulla Azizov joylardagi tibbiyot tizimi muammolarni yaxşi bilmaydigandek.
— Har doim hududda yuriş bilan muammo hal qilinmaydi. Köp viloyatlarda böldim, muammolarning aksariyati bir xil. Rahbar borganda, albatta, va'da beriladi “qilamiz, bajaramiz”, degan. Lekin bu bilan iş bitmaydi, u ketgandan keyin qayerga murojaat qiliş kerak, qanday mutaxassis kerakligi jumboqligiça qoladi. Rahbarning vazifasi eşituvçi bölişemas, bajaruvçi bölişi kerak. Muammoni hal qiliş uçun faqat hududga borib kelişning özi yetarli emas, oddiy odam ham biladi bu muammo borligini.
Uni eşitişdan osoni yöq, muammoni tizimli yeçiş, mablağ topişni öylaş kerak avval.
— Bugun Özbekistonda şunday tendensiya mavjudki, köp sohalar çet eldan kelgan kadrlar bilan rivojlanmoqda. Ayting-çi, bizda kadrlar tayyorlaşdagi asosiy xatoliklar nimada yoki qayerda?
— Muammolarning ildizi maktabdan boşlanadi. Maktablarda ahvol oğir, ayniqsa, hududlarda. Maktabda bolaning bilimini mustahkamlamay turib keyingi bosqiçlarga ötib bölmaydi.
Çetdan kelayotgan kadrning bitta eng yaxşi tomoni – u çetga ketiş uçun izlangan va bunga erişgan. Xorijga ketişga erişişning ham özi bölmaydi, heç kim kutib turmaydi uni. Özim ham juda köp kompaniyalarda işlaş uçun boşqalardan yaxşiroq kadr ekanligimni isbotlaşga köp marta töğri kelgan.
Bizdayam yaxşi kadrlar bor, ularni işga olişmaydi, özlarini körsatişga yöl berişmaydi. Xususiy kompaniyalarning ustunligi – ular kuçli kadr uçun kuraşişadi.
Texnika ham, binolar ham heç narsani hal qilmaydi – inson resursi hamma narsani hal qiladi. Kadrda işonç bölişi kerak, yaxşi natija körsatsa, yaxşi imkoniyatlarga ega bölişi haqida.
— Soğliqni saqlaş masalalariga bağişlangan yiğilişlardan birida prezident sizga qarata: “Abdulla, Özbekistonga kelganingda közingda nur körardim, oxirgi intervyu berganingda kördim – közingda nur qolmabdi. Bizdagi byurokratiya har qanday odamning közidagi nurni qoçiradi”, degan fikrni aytdi. Aynan qaysi holatlardagi byurokratiya sizning közingizdagi nurni qoçirdi?
— Prezident hammasini biladi. Bizda prezidentning aytgan gaplarini har kim turliça tuşunişi va talqin qilişi eng katta muammolardan biri.
— Yaponiyada öqidingiz, Daniyada nufuzli korxonalarda işlab, oyiga 30 ming dollargaça pul topgansiz. Hozir esa Özbekistonning byurokratiya rivojlangan tibbiyot tizimida, bor şaroitlarga könib, nisbatan ança kam oylikka işlayapsiz. Ayting-çi, sizni bu yerda nima uşlab turibdi?
— Oilada qizim dadamni körmayapman, deb ba'zida yiğlaydi.
Daniyada işlaganimda oilam bilan har yili 2 marta çet elda dam olib kelardik. Yevropada paytim şuningdek, haftaning payşanba kunigaça işlardim, juma kuni uydan turib, işni yuritardim. Bolalarim doim men bilan bölardi.
Bizda şanba, yakşanba kunlar doim plyaj, kino, teatr, örmonga boriş, har xil öyinlar öynaş bilan ötardi. Hozir ularning bittasi ham qolmagan. Çunki men har doim işdan keç kelaman. Bolalarimni faqat ertalab köraman.
Bir narsa aniq: reforma heç qaçon oson ötmagan. Hozir bizda iş hajmi judayam köp. Men bilmayman meni nima uşlab turganini...
Mantiqiy öylasak, hisob-kitob qilsak, Azizov bu yerga kelişi kerakmasdi. Azizov Daniyada bölişi kerak edi.
Şunday qiyin şaroitda meni bu yerlarda uşlab turgan narsa balki yuragimdir.
—Şavkat Mirziyoyev sizni özining eng yaxşi körgan kadrlaridan biri, deya bir neça bor e'tirof etgan. Nima deb öylaysiz, qaysi xislatlaringiz prezidentga ma'qul kelgan bölişi mumkin?
— Prezidentga töğrisözligim ma'qul kelgan bölsa kerak. Çunki öylaganlarimni töğri aytadigan odamman. Menga mansab emas, natija muhimroq. Şuning uçun ğoyalarimni yaşirib ötirmayman va bu jihat ham prezidentga yoqqan bölişi mumkin.
— Yaqindagina koronavirusga qarşi emlandingiz. Xöş, qaysi vaksinani oldingiz va odamlarga nimani tavsiya qilasiz?
— Yaşirmayman, “Sputnik” vaksinasini oldim. Ikkita dozani olganimda ham bir neça kun holsizlandim. Suriştirsam, vaksina olgandan keyin şunday vaziyat kuzatilarkan. Ayrim xodimlarimizda tana harorati kötarilişi ham kuzatildi. Xitoy vaksinasini qabul qilganlarda esa bunday holat kuzatilmadi.
— Abdulla Azizov orzu qilgan tibbiyot tizimi qanday bölişi kerak?
— Men orzu qilgan tibbiyot tizimida xalqimiz şifo istab, çetga çiqib ketişi kerak emas. Men Özbekistonning Örta Osiyo tibbiyot markazi bölişiga işonaman. Töğri, Qozoğiston bizdan bu borada ança ilgarilab ketdi, lekin bizning tibbiyot sohasida yaxşi mutaxassislarimiz bor. Hozir bizga Tojikiston, Qirğiziston, Afğoniston, Qozoğistondan kelib davolanişyapti bemorlar. Yana xorijiy investorlarni jalb qiliş harakatidamiz. Ularning davolaş standartlari, protokollari joriy qilinadi va xodimlarimiz malaka oşirişadi. Lekin bunga birdaniga erişib bölmaydi. Masalan, Turkiya 15 yilda ötgan. Balki 8 yillarda erişarmiz bunga.
— Şaxsiy orzularingiz haqida gapira olasizmi?
— Şaxsiy orzularim masalasida heç kimga aytmagan gaplarni aytaman. Men Özbekistonga yana 5 yil xizmat qilmoqçiman – prezidentimizning keyingi muddatlarida ham. Çunki men özimni şu komanda a'zosi sifatida bilaman. Şu orada jamiyat uçun nimadir qilişim mumkinligini bilaman.
— Siz Şavkat Mirziyoyev uşbu saylovlarda ham nomzodini qöyişi va qayta saylanişiga işonasizmi?
— Işonaman, prezidentning qilgan işlari butun dunyoda e'tirof etilyapti.
Undan keyin esa vaqtimni farzandlarim uçun ajratmoqçiman. Bu Özbekistonda yoki Daniyada ham bölişi mumkin, niyatim farzandlarim yanada ösişi uçun ularni kuçli va qiyin muhitga taşlaşim kerak. Şunda tez rivojlanişadi. Hozirda meni Özbekistondagi ta'lim tizimi qoniqtirmaydi. Ular uçun ta'limni özim uyda yaratganman.
Yoşlarimiz uyğonişini, ulardagi öziga bölgan işonçni yöqotmasliklarini xohlardim. Ota-onalar ham uyğonişi kerak buning uçun. Farzand uçun kiritilgan investitsiya eng yaxşi va eng töğri investitsiya böla oladi.
Intervyuni töliq holda yuqoridagi video orqali tomoşa qilişingiz mumkin.
Ilyos Safarov va Gulmira Toşniyozova suhbatlaşdi.
Tasvirçi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.