«Har qanday jamiyatda ommaviy axborot vositalari dinamikani tebratadi. Har bir OAVning o‘z qarashi bor, o‘z talqini bor», deydi Navbahor Imamova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Mahalliy masala aslida global masala

«Matbuot nimani ko‘tara olayotgani va nimalarni yorita olayotganiga qarab, uning qay darajada erkinligini bilish mumkin. Shu fikrga asoslanib, jurnalistlarni «jamiyat barometri», deb ham atash mumkin.

Farg‘ona vodiysi viloyatlari O‘zbekistonning aholi eng zich joylashgan qismi. Aytgan bo‘lardimki, bu yerda matbuot eng faol mintaqa va jurnalistlar bilan gaplashish nihoyatda qiziq. Har birining o‘z qarashi bor, har bir OAVning o‘z talqini bor.

Viloyatdagi jurnalistlar bilan solishtirganda, poytaxtdagilar ko‘proq siyosiy jarayonlarni va rasmiy tadbirlarni yoritishadi, mahalliy masalalar bilan u qadar tanish emaslar. Bu har qanday poytaxtga xos holat. Masalan, men o‘zim ham Vashingtonni yoritaman, odatda, vaqti-vaqti bilan shtatlarga ham chiqaman.

Viloyatlarda esa ko‘proq mahalliy masalalar jurnalistlar e'tiborida bo‘ladi. Mahalliy masala aslida global masala, ya'ni O‘zbekistonda aholi yuzlashayotgan iqtisodiy va ijtimoiy masalalar hammasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Chunki butun dunyoda insonlar shu masalalar bilan kurashishadi».

O‘zbekistondagi holat boshqa davlatlardagi media muhitdan qolishmaydi

«Ikki yil avval O‘zbekiston jurnalistlari bilan suhbatlashganimda, matbuot anjumanlari, media turlar ko‘paygani va matbuot xizmatlari jonlangani haqida aytishgan edi.

Bugun esa keyingi masalalarga o‘tilgan, ya'ni qachon nimani yoritish kerak, qaysi mavzularga ko‘proq vaqt ajratish kerak, resursni nimaga sarflash kerak, degan savollarga o‘tilgan. Sal bo‘lsa ham oldinga siljigan, deya olaman.

Jurnalistlar orasida o‘zaro debat bor, raqobat bor. Bu jihatdan O‘zbekiston boshqa davlatlardagi media muhitdan qolishmaydi. O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi qay darajada erkinligi nisbiy masala, shunday OAVlar bor, ular qaysidir darajada erkinlik me'yorlarini o‘zlari belgilashyapti, o‘zlari istagan mavzularni yorita olishyapti».