13:02 / 28.06.2021
9827

Hindistondagi aviabazaga dron yordamida hujum qilindi

Hindistonning shimolidagi Jammu okrugida joylashgan aviabazaga uchuvchisiz parvoz qurilmasi yordamida hujum qilindi. Mamlakat harbiy-havo kuchlariga tegishli bazaga hujum 27 iyunda amalga oshirilgan.

Jammu va Kashmir ittifoqdosh hududi politsiya rahbari Dilbagx Singxning ta'kidlashicha, aviabazadagi ikkita portlashda ham dronlardan foydalanilgan.

Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, Hindistondagi muhim obektlarga zarba berishda terrorchilar ilk bor masofadan boshqariluvchi parvoz qurilmasidan foydalanishgan.

Hujum oqibatida 2 harbiy yengil jarohat olgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, birinchi portlashda aerodromdagi binolardan birining tomiga zarar yetgan, ikkinchi portlash hech qanday talafot yetkazmagan.

Rasmiy shaxslar dronlar qayerdan uchib kelgani hozircha noaniqligini va ularning parvoz trayektoriyasini aniqlash bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma'lum qilishgan. Politsiya hujumda qo‘shni Pokistonda joylashgan ekstremistlarni gumon qilmoqda. Avvalroq ekstremistlar qurol va o‘q-dori yetkazish uchun dronlardan foydalanayotgani haqida ma'lumotlar berilgan. Jumladan, ular dronlar yordamida Hindiston tomondagi ayirmachilarga AK-47 avtomatlari, to‘pponchalar va miltiqlarni yetkazishga uringan. Biroq bungacha terakt sodir etish uchun dronlardan foydalanilmagan.

Kashmir hududi Hindiston va Pokiston o‘rtasida 1947 yildan beri bahs mavzusi hisoblanadi. O‘shanda Britan Hindistoni mustaqillikka erishgach, diniy alomat bo‘yicha ikki davlat – Hindiston va Pokistonga bo‘lingan. Ayni vaqtda Kashmirda davlat chegarasi yo‘q bo‘lib, ikki davlatni faqatgina nazorat chizig‘i ajratib turadi. Kashmirning Hindistondagi qismida mamlakatdan ajralish uchun kurashuvchi ayirmachi guruhlar harakat qiladi. Nyu-Dehli qo‘shni Pokistonni ushbu ekstremistlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi, Islomobod esa bu ayblovlarni rad etib keladi.

Top