Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya TIV Chexiyaning Vrbetitsedagi portlashlar uchun kompensatsiya talab qilishini tovlamachilik deb atadi
Avvalroq Chexiya hukumati 2014 yilda Vrbetitse qishlog‘idagi qurol-yarog‘ omborlarida yuz bergan portlashlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun Rossiyadan kompensatsiya talab qilgani aytilgandi. Xabar qilinishicha, Chexiya hukumati zararni 650 mln kron (25,5 mln yevro) deb baholagan.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi Chexiyaning Vrbetitsedagi portlashlar uchun kompensatsiya talab qilishini tovlamachilik deb hisoblaydi. Bu haqda vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma'lum qildi.
«Eslatib o‘tmoqchiman. Odatda bunday tarzda – sud va tergovlarsiz harakat qiladigan, tahdid va haqoratlar bilan pul talab qiladiganlarni tovlamachilar deb atashadi», — deb yozdi u o‘z Telegram-kanalida.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Chexiya o‘z bayonotlari bilan Rossiyaga do‘st bo‘lmagan mamlakat maqomini isbotlamoqda.
Avvalroq Chexiya hukumati 2014 yilda Vrbetitse qishlog‘idagi qurol-yarog‘ omborlarida yuz bergan portlashlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun Rossiyadan kompensatsiya talab qilgani ma'lum bo‘lgandi.
Mlada fronta Dnes gazetasining yozishicha, Chexiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Martin Smolek Rossiyaning Chexiyadagi elchisi Aleksandr Zmeyevskiyga portlash oqibatida yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplash talab qilingan diplomatik notani topshirgan.
Nashr xabariga ko‘ra, Chexiya hukumati zararni 650 mln kron (25,5 mln yevro) deb baholagan.
17 aprelda Chexiya bosh vaziri Andrey Babish mamlakat maxsus xizmatlaridan Vrbetitsedagi hodisaga Rossiya bosh razvedka boshqarmasi xodimlari aloqadorligi haqida axborot olganini ma'lum qilgandi. Bu ayblovlar Chexiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar taranglashishiga olib keldi.
Vrbetitsedagi portlashlar 2014 yil 16 oktyabrda va 3 dekabrda yuz bergan. Portlashlar oqibatida 2ta ombor yo‘q bo‘lgan, 2 kishi halok bo‘lgan.
Bir yarim oydan keyin birinchi ombordan bir kilometr uzoqlikda joylashgan boshqa omborda kuchli portlash sodir bo‘lgan. Bu yerda 100 tonnaga yaqin o‘q-dori saqlangan.