“Bosimlar bo‘lyapti, oson emas, lekin qayerda oson bo‘lgan?” - Komil Allamjonov OAV erkinligi haqida
“Prezidentimiz har chiqishlarida matbuot ochiq, erkin va orqaga yo‘l yo‘q, deb aytdilar. Bu – bosh siyosiy yo‘nalish. Amalda bu narsada muammo bo‘lishi bu tabiiy, chunki bu – kurash”, – dedi Komil Allamjonov.
Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov BBC'ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq holat, prezidentning jurnalistlarga munosabati va yaqinda nashrdan chiqqan “Allamjonov aybdor” nomli kitobi haqidagi savollarga javob berdi.
— Bugungi kunda O‘zbekistonda faol jurnalist, blogerlar yoki umuman jamoatchilik faollari o‘rtasida so‘z va matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat orqaga ketayotgani to‘g‘risida qarashlar paydo bo‘lmoqda. Bunday qarashlarga qanday munosabat bildirasiz?
— Endi, bilasizmi, hamma narsa bosh maqsadga hamda bosh yo‘lboshlovchiga bog‘liq. Prezidentimiz har chiqishlarida matbuot ochiq, erkin va orqaga yo‘l yo‘q, deb aytdilar. Bu – bosh siyosiy yo‘nalish. Amalda bu narsada muammo bo‘lishi bu tabiiy, chunki bu – kurash.
To‘g‘ri gap hech qachon tuqqaningga ham yoqmaydi, deydi-ku. Haqiqat yoqimli bo‘lmaydi. Shu kurash jarayonida turli noxush holatlar, jurnalistlar bilan ham bo‘ladigan holatlar bizning jahondagi indekslarimizga ta'sir qilib, bu yil, misol uchun, bitta orqaga ketdik. Endi, haligi, musulmonchilik asta-sekinlik bilan deydi-ku. Eng asosiysi, biz oldinga ketyapmiz.
Muxlislarimiz ko‘nglini tushirmasin. Qanchalar ular tushkunlikka tushmasin, hamma narsa solishtirganda ma'lum. Agarda bizning jurnalistikani rivojlangan davlatlar, o‘sha Yevropa, AQSh bilan solishtirsa, ha, biz orqadamiz. Lekin biz oldingi O‘zbekiston bilan solishtirsak, juda oldindamiz. Qaysi nuqtadan qarashga bog‘liq hamma narsa.
Shuning uchun, men aytamanki, biz, eng asosiysi, qo‘llarimizni tushirmasligimiz kerak. Qiyin bo‘ladi, oson bo‘ladi deb hech kim gapirmagan. Chunki amaldorlarimiz, umuman, ko‘proq ular bilan muammo bo‘layotgan bo‘lsa, ochiq gapirishga hech kim o‘rganmagan, lekin hamma narsa ochiq gapirilyapti-ku baribir, muammolar ko‘tarilyapti-ku.
Ha, qiyin bo‘lyapti. Bosimlar bo‘lyapti. Oson emas. Qayerda osonlik bilan erishilgan bunday islohotlar? Qayerda bu narsalar osonlikcha, bittagina gap bilan bo‘lib ketgan. Yo‘q, bunga metin iroda kerak, tinimsiz mehnat kerak, qat'iyatlilik kerak, qaysarlik kerak va to‘g‘riga qarab yuraverish kerak.
— Kitobingizda prezident matbuot kotibi sifatida ishlaganingizda matbuot tizimini ancha jonlantirganingiz haqida gapirgansiz. O‘sha paytda prezidentning jurnalistlar bilan jonli muloqotini tashkil etishga qandaydir harakatlar qilgansizmi?
— Bilasizmi, biz prezident matbuot xizmatida faoliyat yuritganimizda, juda ko‘p narsani boshidan, noldan boshlash kerak bo‘lgan. Ko‘p masalalar bo‘lgan, ko‘p loyihalarni amalga oshirish kerak bo‘lgan va amalga oshirdik ham. Lekin men bu masalaga yetib kelmadim, ulgurmadim.
— Prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan bir inson sifatida umuman, O‘zbekistondagi matbuot siyosatiga katta ta'sir o‘tkaza oladigan shaxs sifatida qanday fikrdasiz, nima uchun prezidentning jurnalistlar bilan jonli muloqoti tashkillanmay kelmoqda?
— Endi, jonli muloqotning har xil turlari bo‘ladi; jonli muloqotlar allaqachon boshlandi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, hozir jurnalistlar bilan uchrashuvlar bo‘lyapti, jurnalistlar bilan suhbatlar qilinyapti. Asta-sekin bu narsaga kelindi, endi bu narsa uchun hozir javob berishim qiyin, chunki bu masalaga mas'ul shaxslar bor. Menimcha, ular ko‘proq to‘liqroq ma'lumot bera olishsa kerak.
— Prezident matbuot kotibi lavozimidan nega ketganingiz sabablarini aytib bera olasizmi?
— Sog‘ligim tufayli.
— Kitobingizda ayrim amallaringiz tufayli sobiq Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining qora ro‘yxatiga tushib qolganingiz haqida yozgansiz. O‘zi bu ro‘yxat qanday ro‘yxat va unga tushganlarning holi qanday kechadi?
— Endi bu majoziy ma'nodagi o‘xshatish, aynan bir ro‘yxat, jurnal tutiladi deb o‘ylamayman. Lekin o‘sha paytda hayotimda juda ko‘p muammolar bo‘lgan, mana shu muammolar bo‘lgan paytda juda ko‘p signallar qabul qilganman, tahdidlar bo‘lgan, o‘sha paytdagi kechinmalarimdan kelib chiqib yozganman hammasini.
— Kitobda qoraga bo‘yalgan satrlarning tagida bu gaplarni oshkor qilishning hali mavridi kelmadi degan mazmunda yozib qoldirgansiz. Shu qora satrlar ochiladigan davr qachon kelishi mumkin?
— Qora satrlar ochilishi bu mening o‘zimning, ichki hissiyotlarim bilan bog‘liq, ichki kechinmalarim bilan bog‘liq. Haligi, aytaman-ku, ikkilanishlarim bor, bir solishtirish, taqqoslash, o‘ylash... Hali jarayondaman. Shunga to‘liq amin bo‘lib, yuz foiz bexato, to‘g‘ri yo‘lim shu, to‘g‘ri fikrim shu degan kunim buni e'lon qilaman.
— Ya'ni bu qora satrlarning ochilishi mamlakatdagi siyosiy vaziyatga bog‘liqmi?
— Yo‘q, siyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘lganda bu narsani yozmay qo‘ya qolardim. Yozib, ustidan o‘chirib qo‘yish bu faqatgina o‘zim bilan bog‘liq.
— Kitobingizni prezidentga ham taqdim etdingizmi?
— Bilasizmi, bu kitob agar o‘sha darajada qiziqish uyg‘otsa, ularning darajasida, nazariga tushib, unga qiziqish paydo bo‘lsa, men bundan faqatgina baxtli bo‘laman.
Mavzuga oid
19:15
DXX raisi Abdusalom Azizov lavozimidan haydaldi - manba
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
18:22 / 11.11.2024
Filmlar, qo‘shiqlar va seriallar «ma’naviy ekspertizadan» o‘tkaziladi
11:41 / 11.11.2024