Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kubada hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lmoqda. Bunaqasi oxirgi bor 30 yil muqaddam kuzatilgan
Kuba poytaxti Havana va boshqa qator shaharlarda mamlakatning kommunistik hukumatiga qarshi ko‘p ming kishilik norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda.
Namoyishchilar erkinlik, demokratiya va hukumatning koronavirus pandemiyasiga yanada qat'iyroq kurashishini talab qilishmoqda. «Frans press» agentligi xabar berishicha, namoyishchilar ko‘tarib chiqqan shiorlar orasida shundaylarini uchratish mumkin - «diktatura yo‘qolsin», «kommunizm yo‘qolsin» va «biz qo‘rqmaymiz».
So‘nggi kunlarda mamlakatda kasallanish holatlari bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Fuqarolar hukumatdan vaksinatsiya tempini tezlashtirishni talab qilishmoqda.
O‘tgan haftada Kubada mahalliy Abdala 2 vaksinasi foydalanish uchun ma'qullangandi. Bu Lotin Amerikasi va Karib havzasida ishlab chiqilgan ilk vaksina bo‘ldi.
Ammo namoyishchilarni g‘azablantirayotgan yagona muammo pandemiya emas. Ular elektroenergiyasi va oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi tufayli holdan toyishgan.

Kuba davlat televideniyesining xabar qilishicha, namoyishlar tartibsizliklar bilan kechmoqda. Namoyishchilar bir nechta do‘konlarni talon-toroj qilib, u yerdan oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqishgan. Shuningdek, ular va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bermoqda.

Hukumatga qarshi namoyishlar - Kuba uchun kamyob hodisa. So‘nggi bor bunday chiqishlar 30 yil oldin kuzatilgan.
Prezident Migel Dias-Kanel AQSh va «Kuba—Amerika mafiyasi»ni mamlakatda norozilik qo‘zg‘ab, vaziyatni beqarorlashtirishda ayblagan.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan.
«AQSh butun Kubada so‘z va yig‘ilish erkinligini qo‘llab-quvvatlaydi hamda o‘z bazaviy huquqlarini amalga oshirayotgan tinch namoyishchilarga qarshi har qanday zo‘ravonlik yoki hujumlarni qat'iyan qoralaydi», deyiladi Sallivanning tvitter sahifasidagi bayonotda.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, ayni vaqtda Gavanada harbiylarning pulemyotlar bilan jihozlangan avtomobillarini uchratish mumkin.
Dias-Kanel kommunistlarni ko‘chalarga chiqib, namoyishchilarga qarshilik ko‘rsatishga chorlagan. U inqilobni himoya qilish vaqti kelganini ta'kidlagan.

«Biz Amerika imperiyasiga sotilgan aksilinqilobiy yollanmalarga barqarorsizlik keltirib chiqarishga yo‘l qo‘ymaymiz. Bunga inqilobiy javob bo‘ladi. Shu sababli biz barcha kommunistlarni ushbu ig‘vogarliklar yuz berayotgan ko‘chalarga chiqishga va yollanmalarga qarshi kurashishga chaqiramiz.
Biz o‘z hayotimizni berishga tayyormiz. Ular inqilobga qarshi chiqishsa, bizning jasadlarimiz ustidan o‘tib borishlariga to‘g‘ri keladi. Biz barchasiga tayyormiz va ko‘chalarda inqilobni himoya qilib jangga kiramiz», degan Kuba prezidenti davlat televideniyesi efirida.
So‘nggi marta kubaliklar 1994 yilda Fidel Kastroning siyosatiga qarshi norozilik bildirish bilan ko‘chaga chiqishgandi. O‘shanda namoyishlar faqat poytaxt Havanada bo‘lib o‘tgan va tezda bostirilgan. Shundan keyingi yillarda yuz minglab kubaliklar qayiqlarda mamlakatni tark etgan, ularning aksari AQShga yo‘l olgan.
Mavzuga oid
22:15 / 05.06.2026
Tramp Eron masalasi «hal bo‘lgach» Kubadagi rejimni o‘zgartirish rejasini e’lon qildi
08:38 / 05.06.2026
Vashington Kuba rahbariyatiga bosimni kuchaytirmoqda
17:56 / 22.05.2026
Rubio Kubani AQSh uchun tahdid deb e’lon qildi
22:52 / 20.05.2026