ERIELL Group: «O‘zbekneftgaz» AJ bilan hamkorlikda «Quyi Surgil» konida sanoat miqiyosidagi gaz oqimi olindi
«2017-2021 yillarda uglevodorod xom-ashyosi qazib olishni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» ijrosi doirasida ERIELL Group tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJ tarkibiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Quyi Surgil» konidagi 20-sonli quduqni burg‘ulash ishlari yakunlandi. 4320 metr chuqurlikdan debiti sutkasiga 930,487 ming m³ bo‘lgan sanoat miqiyosidagi gaz oqimi olindi. Bu mazkur kondagi joriy yilning yanvar oyida yuqori gaz oqimi olingan 14-sonli quduqdan keyingi ikkinchi bunday chuqur baholash-ekspluatatsiya qudug‘i hisoblanadi.
Yuqori sanoat gazi oqimi olinishi loyiha chuqurligini 3800 metrdan 4320 metrgacha chuqurlashtirish qarorini qabul qilgan ERIELL Group va «O‘zbekneftgaz» AJ mutaxassislari o‘rtasidagi yuksak darajadagi hamkorlik mahsulidir. Buning natijasida Quyi Yura yotqiziqlarining yangi ufqlarini ochish paytida sanoat gazi oqimi olingan edi.
«2017-2021 yillarda uglevodorod xom-ashyosi qazib olishni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» ijrosi doirasida konni burg‘ulash 150 kun davomida amalga oshirildi, uni o‘zlashtirish esa 2 kun davom etdi. Burg‘ulashda yuqori haroratli moddiy-texnik resurslardan foydalanildi.
E'tirofga molik jihati shundaki, burg‘ulash vaqtida hech qanday avariya holatlari va asoratlar kuzatilmadi.
12 iyul kuni quduq muvaffaqiyatli ravishda ishga tushirildi.
Diametri 114×6 mm va umumiy uzunligi 1200 metr bo‘lgan shleyfli gaz quvuri, shuningdek diametri 108×6 mm va umumiy uzunligi 600 metr bo‘lgan shleyfli gaz quvuri (luping) qurilishi amalga oshirildi.
ERIELL Group Matbuot xizmati Ⓣ