Jahon | 20:52 / 13.07.2021
4520
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqdagi shifoxonada yuz bergan yong‘in qurbonlari soni 90 nafarga yetdi

Iroqning Di-Qor viloyati An-Nasiriya shahridagi shifoxonada yuz bergan yong‘inda halok bo‘lganlar soni 90 nafarga yetdi. Avvalroq fojia oqibatida 50 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. Shuningdek, o‘nlab odamlar jarohat olgan.

Al Hadath telekanalining xabar berishicha, ayni vaqtda qurbonlar shaxsini aniqlash bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bu jarayon jasadlar kuchli yonib ketgani sababli og‘ir kechmoqda.

Bundan tashqari, voqea tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha tergov shifoxonadagi barcha kuzatuv kameralariga zarar yetgani sababli murakkablashgan.

Shifoxonada 12 iyul kechki payt kislorod balloni bilan ehtiyotsiz muomalada bo‘lish oqibatida portlash va uning ketidan yirik yong‘in yuz bergan. Yong‘in shifoxonaning koronavirus bilan kasallanganlar davolanayotgan bo‘limini qamrab olgan.

Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy fojia qurbonlari xotirasiga mamlakatda motam e'lon qildi. U shuningdek, fojia sabablari va tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzishni buyurdi.

Iroqda bunday fojia birinchi marta yuz berishi emas. 24 aprelda poytaxt Bag‘doddagi «Ibn al-Hatib» shifoxonasida yuz bergan yong‘inda 82 kishi halok bo‘lgandi va 110 kishi jabrlangandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid