Jahon | 20:22 / 15.07.2021
4512
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh hakerlar haqidagi axborot uchun 10 million dollar va'da qildi

AQSh kiberjinoyatchilarning shaxsini va ular qayerdaligini aniqlashga yordam beradigan axborot uchun 10 mln dollar mukofot puli taklif qildi. AQSh hukumatini xorijiy davlat hukumati buyrug‘i bilan harakat qiluvchi va AQShning eng muhim infratuzilmaviy obektlariga hujumlar sodir etuvchi hakerlar qiziqtirmoqda.

AQSh davlat departamenti hakerlar haqidagi axborotni yetkazish uchun darknetda Tor brauzeri negizida kanal tashkil etdi. Bu axborot beruvchilarning xavfsizligini va anonimligini ta'minlash maqsadida amalga oshirilgan.

AQShda oxirgi oylarda kiberhududdagi xavfsizlik mavzusi dolzarb ko‘rinish oldi. May oyida DarkSide guruhi hakerlari AQShning Colonial Pipeline kompaniyasi kompyuter tizimini buzib kirishgan. AQSh maxsus xizmatlarining ta'kidlashicha, ushbu guruh Rossiya yoki Sharqiy Yevropada joylashgan bo‘lishi mumkin, ammo biror davlatga ishlamaydi. 31 may kuni JBS kompaniyasining AQShdagi bo‘limi kompyuter tarmoqlariga hujum sodir etilgan. Oq uy matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, hujum ortida Rossiyada joylashgani taxmin qilinuvchi Revil jinoiy guruhi turgan bo‘lishi mumkin.

AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan oxirgi telefon suhbatida Rossiya o‘z hududidagi hakerlarga nisbatan choralar ko‘rishi kerakligini aytgan. Putin bunga javoban kiberjinoyatchilarga qarshi kurash borasidagi murojaatlar huquqiy mexanizmlarga amal qilgan holda maxsus kanallar orqali bildirilishi kerakligini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid