Jahon | 16:27 / 20.07.2021
8516
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda koronavirus pandemiyasi qurbonlarining haqiqiy soni bir necha million nafarni tashkil etishi mumkin

Qayd etilishicha, pandemiya boshlanganidan 2021 yil iyunigacha mamlakatda 4,9 mln kishi ushbu kasallikdan vafot etgan.

Foto: Global Look Press

 Hindistonda koronavirus oqibatida vafot etganlarning haqiqiy soni rasmiy ma'lumotlardagiga nisbatan o‘n barobar ko‘p va 5 mln nafarga yaqinni tashkil etishi mumkin. Bu haqda Vashingtondagi global taraqqiyot markazi (The Center for Global Development) tadqiqotida aytilmoqda.

"Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Hindistonda COVID-19 yuqtirish oqibatida vafot etganlar soni 400 ming nafarni tashkil etadi. Aslida esa, barchasi juda yomon. Afsuski, juda ko‘pchilik, yuz minglab emas, millionlab kishilar vafot etgan bo‘lishi mumkin", - deyiladi markaz hisobotida.

Hisobotda qayd etilishicha, pandemiya boshlanganidan 2021 yil iyunigacha mamlakatda 4,9 mln kishi ushbu kasallikdan vafot etgan.

"Biz COVID chaqirgan kasalliklar oqibatidagi o‘limlarni hisoblamayapmiz. Biz barcha sabablar oqibatidagi o‘limlarga e'tibor qaratganmiz va pandemiyadan avvalgi ko‘rsatkichlar bilan pandemiya boshlanganidan keyingi qo‘shimcha o‘limlarni hisobga oldik", - deyiladi tadqiqotda.

Avvalroq Associated Press agentligi Hindistonda koronavirus oqibatidagi rasmiy o‘lim holatlarining yarmidan ko‘pi oxirgi ikki oyga to‘g‘ri kelishini xabar qilgandi. 

Worldometer sayti ma'lumotlariga ko‘ra, Hindistonda koronavirus bemorlari orasida rasman 414,5 mingta o‘lim holati qayd etilgan. Mamlakatda kasallikka chalinish holatlari 31 milliondan oshgan.

Mavzuga oid