IIV eJarima'ni yuritishda mas'ul ekanini tan oldi. Platforma 1 avgustdan ishlashi aytilmoqda
Biroq platforma qayta ishga tushganda nosozlik tufayli jarima to‘lay olmagan fuqarolarga 15 kunlik imtiyozli muddat tiklab berilishi borasida aniq ma'lumot yo‘q.
Kun.uz saytida “E-jarima'ning “otasi” kim?” nomli maqola elon qilinganidan so‘ng unda tilga olingan tashkilotlar maqolaga munosabat bildirdi.
AKT vazirligi portalga aloqasi yo‘qligini takroran bildirdi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmadovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 iyundagi 407-sonli hamda 2021 yil 8 iyuldagi 431-sonli qarori bilan Ichki ishlar vazirligi ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida yagona elektron ish yurituv tizimini tashkil etish, uning sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash, shuningdek, ma'muriy bayonnoma tuzishda, ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda vakolatli davlat organlarining tizimdan samarali foydalanishlarini ta'minlash bo‘yicha mas'ul organ etib belgilangan.
IIV eJarima'ni yuritishda mas'ul ekanini tan oldi
Ichki ishlar vazirligi ham maqola yuzasidan munosabat bildirdi. Unda keltirilgan fikrlar IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning izohini rad qilmoqda. Ya'ni platforma bilan bog‘liq muammo bo‘yicha boshqa idora emas, aynan vazirlikning o‘zi mas'ul hisoblanishi oydinlashdi.
Ma'lum qilinishicha, 2020 yil 5 oktyabrdagi PF–6079-sonli prezident farmoni, hukumatning 2020 yil 24 iyundagi 407-sonli hamda 2021 yil 8 iyuldagi 431-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi yagona elektron ish yurituv doirasidagi “E-ma’muriy ish” tizimi yaratilib, eJarima.uz sayti va telegram botini ushbu tizimga integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, integratsiya jarayonini joriy yilning 1 avgustiga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, eJarima.uz veb-sayti hamda eJarima.uz rasmiy telegram-boti ishga tushirilishi va shu bilan birga, 1 avgustdan boshlab SMS-xabarnoma yoki “O‘zbekiston pochtasi” AJ orqali xabardor qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Biroq IIV ma'lumotida maqolada tilga olingan jarima to‘lashdagi alohida holatlar, xususan, platforma qayta ishga tushganda nosozlik tufayli jarima to‘lay olmagan fuqarolarga 15 kunlik imtiyozli muddat tiklab berilishi haqida hech narsa deyilmagan. Ushbu savollarga rasmiy javob olish maqsadidagi bir necha kunlik urinishlarimiz natija bermadi.
Muammo Senat nazoratida
Senatning yangi tashkil etilgan Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, maqola e'lon qilingach, qo‘mita IIVga xat yo‘llab, mavjud muammolarni bartaraf etish, fuqarolar foydalanishlari uchun platformani to‘liq ishga tushirish hamda bu bo‘yicha axborot taqdim etishni so‘rab, masalani nazoratga olgan.
Ma'lumot uchun, E-jarima portali BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi moliyaviy ko‘magida “Kash App” MChJ kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Portalga IVV YHXBB operator hisoblanadi.
Mavzuga oid
16:11 / 17.11.2024
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengaytirildi
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
11:40 / 23.08.2024
Jizzaxda soqol qo‘ygan 22 yoshli fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi
13:30 / 20.08.2024