10:50 / 01.08.2021
8167

Ikki yil ichida Samarqand shahrida yo‘l bilan bog‘liq muammo qolmaydi - shahar hokimligi mas'uli

Samarqand shahrida olib borilayotgan qurilish ishlari hamda buzish ishlariga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi. Shahar hokimining soha bo‘yicha mas'ul o‘rinbosari Rustam Olimov yo‘llar va buzilishga tushgan obektlar haqida ma'lumot berdi.

Rustam Olimov Temiryo‘l orti hududidagi Matonat, Mehnat, Baraka, Ipak yo‘li, Temiryo‘lchilar va Maysazor mahallalari hududidagi 276,79 gektar yer maydonida joylashgan 2856ta uy-joy va 41ta noturar obektlar renovatsiya asosida ko‘chirilishi belgilangani, bugungi kunda hududda xatlov ishlari olib borilayotganini gapirib o‘tgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Shirin mahallasida ham 2700 obekt buzilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda 300ga yaqin mulkdorlar bilan kelishuv amalga oshirilgan hamda rozilik arizalari olingan. Shundan 119 kishiga 15 mlrd 620 mln so‘mga yaqin tovon puli to‘lab berilgan.

G‘iyosiddin Jamshid va Ibn Sino ko‘chalarini zamonaviy shaharsozlik talablariga moslashtirish va obodonlashtirish maqsadida hududdagi 20ta obekt buzilishi rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki o‘rganish natijasiga ko‘ra, ularning taxminiy bozor qiymati 12,34 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Shuningdek, Sadriddin Ayniy, Usta Umar Jo‘raqulov, Rudakiy ko‘chalarida bir qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Rustam Olimov Samarqand shahridagi ko‘chalarning holati so‘nggi yillarda nafaqat mahalliy aholi, umuman, shaharga tashrif buyurganlarni ham bezovta qilayotganini e'tirof etdi. Shu o‘rinda shahar ko‘chalari qachon tartibga kelishi, samarqandliklar yo‘l bilan bog‘liq muammolardan qachon qutulishi haqida ma'lumot berdi.

«Bugungi kunda Samarqand shahrida boshlangan qurilishlar ayniqsa Siyob bozor hududi fuqarolar tomonidan ham, haydovchilar tomonidan ham, kelayotgan mehmonlar tomonidan ham e'tirozga sabab bo‘lyapti. Bizga ozgina vaqt kerak. Ozgina vaqtimiz taxminan to‘rt oylar bo‘ladi. To‘rt oy ichida kommunikatsiya tarmoqlari to‘liq o‘tkazilib, asfalt qilib chiqiladi. Bu gap markaziy ko‘chalarimizga tegishli.

Umuman, Samarqand shahrida 854 km ichki yo‘llarimiz bor. Oxirgi uch yil ichida 500 km yo‘llarni ta'mirladik. Bizda hozir taxminan 270 km ichki yo‘llar qolyapti. Joriy yilda o‘rtacha 150 km yo‘lni ta'mirlashni dasturga kiritganmiz. Kelgusi yilga 140 km shaharning ichki yo‘llari qoladi. Kelgusi yil uni ham yakunlaymiz. Shu bilan Samarqand shahridagi ichki yo‘llarda ta'mirlash ishlari tugaydi. Ayni vaqtda shunga parallel tarzda gaz, suv, elektrni ham o‘tkazyapmiz.

Qisqasi, joriy yilda markaziy ko‘chalarimizda muammo qolmaydi. Biz ham tashvishdamiz, rahbariyat ham tashvishda. Chunki biz shu yo‘llarni qancha erta ishga tushirsak, yo‘lovchilarimizga ham, fuqarolarimizga ham, mehmonlarga ham qulaylik yaratiladi. Biz shuning tarafdorimiz», dedi Olimov.

U Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qiymati 99,7 mlrd so‘m bo‘lgan, umumiy uzunligi 534 metr, tonnel qismi 310 metr bo‘ladigan yo‘lo‘tkazgich qurilishi ham yil oxiriga qadar yakunlanishini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilishini bosqichma-bosqich amalga oshirish 2019 yil Investitsiya dasturiga kiritilib, mablag‘ ajratish rejalashtirilgandi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri

Top