10:39 / 07.08.2021
6599

Hokimliklarning kompensatsiyalar bo‘yicha qarzini undirishga moliya organlari mas'ul - MIB

Majburiy ijro byurosi mas'ullarining ma'lum qilishicha, budjetdan pul mablag‘i undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari ijrosi MIB organlariga taalluqli emas, ularni moliya organlari ijro etishi kerak.

“Haqiqatan ham hozirgi kunda byuro organlari ish yurituvida mahalliy hokimliklardan kompensatsiya to‘lovlarini undirish haqidagi ijro hujjatlari mavjud. Ijrosi ta'minlanmagan hujjatlar soni 415 tadan oshadi, undirilishi kerak bo‘lgan kompensatsiya miqdori esa 218 mlrd so‘mdan iborat.

117 mlrd so‘m miqdoridagi kompensatsiya fuqarolar, 100 mlrd so‘mdan oshiqrog‘i esa yuridik shaxslar foydasiga undirilishi kerak. Bu yerda MIB organlarida mavjud bo‘lgan ijro hujjatlari haqida gap ketyapti”, – deya MIB Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hujjatlarini ijro etish bo‘limi boshlig‘i Ahrorbek Arziyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ahrorbek Arziyev

Arziyevga ko‘ra, byuro organlarining bevosita aralashuvi bilan joriy yilning o‘tgan davrida 45 mlrd so‘m miqdoridagi kompensatsiya to‘lovlari undirib berilgan. Qolaversa, mahalliy hokimlik organlariga MIB funksional vazifasidan kelib chiqib, talabnoma va tegishli barcha hujjatlar taqdim etilgan.

“Qolaversa, bu masala 6118-sonli prezident farmoniga asosan tashkil etilgan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha respublika kengashining 2021 yil 10 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida ushbu masala muhokama qilindi, hokimliklar bilan shu to‘lovlarni to‘lab borish bo‘yicha ma'lum bir vaqtlar belgilandi. Misol uchun, aksar hokimliklar joriy yilning III choragi davomida bu kompensatsiya to‘lovlarini hokimliklarning mahalliy budjetdan orttirilgan mablag‘lari hisobidan to‘lab berish bo‘yicha majburiyatni zimmalariga olishgan. To‘lovlar amalga oshirilyapti.

Yana bir narsani aytib o‘tishimiz kerak, Budjet kodeksiga asosan, bevosita budjet tashkilotlarining hisobraqamlariga inkasso-talabnoma qo‘ya olmaymiz. Chunki bevosita qonunchiligimizda mustahkamlangani uchun [mahalliy hokimliklarga nisbatan] qat'iy choralar ko‘ra olmaymiz.

Hozir aytib o‘tganimizdek, ijro harakatlari davom etyapti, bu doimiy nazoratda. Qolaversa, respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida ham bu masala qo‘yilgan va hokimliklar tomonidan to‘lovlar amalga oshirilmoqda”, – deydi Ahrorbek Arziyev.

MIB huquqiy ta'minlash va xalqaro huquqiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nasimxon Burhonovga ko‘ra, byuro organlarining budjet tashkilotlari hisobraqamlariga band solishga haqqi yo‘q. Shu sababli sud qarorlariga asosan mahalliy hokimliklardan undirilishi kerak bo‘lgan tovon pullari masalasida moliya organlariga murojaat qilish lozim.

Nasimxon Burhonov

“Budjet kodeksiga muvofiq, budjetdan pul mablag‘i undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari MIB organlariga taalluqli emas. Buni moliya organlari ijro etishi kerak. Ilgari bu bo‘yicha bizda muammo bor edi, Budjet kodeksi qabul qilinishi bilan bu masala hal qilingan. Budjet tizimi to‘g‘risidagi qonunda ham, boshqa qonunlarda ham budjet hisobraqamlariga ham, g‘aznachilik hisobraqamlariga ham band solish mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Unda qanday qilib ijro qilamiz?

Gap shundaki, budjet mablag‘lariga umuman tegish mumkin emas deb belgilab qo‘yilgan. Chunki budjet xarajatlari rejali, davlat budjeti qabul qilinayotganda xarajatlar rejaga muvofiq bo‘lishi kerak. Shu sababli bu vazifa moliya organlariga berilgan. Moliya organlariga murojaat qilib, ularga yordam berib, shu paytgacha mahalliy hokimliklardan 36 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ undirildi.

Shu jihatdan mahalliy hokimliklar hisobidan fuqarolar va yuridik shaxslar foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovlari nega undirilmayotganini moliya organlaridan so‘rash kerak. Sababi budjet mablag‘lariga tegishga ham, budjet tashkilotlari hisobraqamlariga band solishga ham hech qanday haqqimiz yo‘q.

Ba'zi ijro hujjatlari ichki ishlar organlariga tegishli. Masalan, ov qurollari va boshqalarni musodara qilish kabilar. Ba'zi ijro hujjatlari boshqa organlarga taalluqli. Bevosita budjetdan pul mablag‘i undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarini moliya organlari ijro etishi kerak”, – deydi Nasimxon Burhonov.

Avvalroq Adliya vazirligi 2016–2019 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan 6 479 ta mulk buzilgani, ularning egalariga 335,6 mlrd so‘m kompensatsiya puli to‘lab berilmaganini ma'lum qilgan edi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2020 yilda “snos”lar tufayli buzilgan mulklarning 55 foiziga kompensatsiya to‘lanmagan.

2020 yildayoq davlat “snos”lar bo‘yicha tadbirkorlar oldidagi qarzini 2021 yilda ham uza olmasligi ayon bo‘lgandi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2021 yilning oxirigacha hokimlikning “snos”lar bo‘yicha barcha qarzlari qoplanishi, kompensatsiya pul yoki yer ko‘rinishida qoplanishini aytgandi. O‘tgan oyda poytaxtda davlat organlari fuqarolarga yetkazgan zararni qoplash uchun 5,7 mlrd so‘m ajratilgandi.

2021 yil 1 avgustdan hokimliklarning yerni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berishga oid vakolatlari bekor qilindi.

Mavzuga oid
Top