19:28 / 07.08.2021
5393

Aliment to‘lovlarining 60 foizdan ortig‘i ixtiyoriy ravishda to‘lanayotgani ma'lum qilindi

MIB Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hujjatlarini ijro etish bo‘limi boshlig‘i Ahrorbek Arziyevning aytishicha, sud qarori bilan belgilangan aliment to‘lovlarining 60 foizdan ortig‘i qarzdorlar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘lanmoqda. U bu haqda 6 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

“Oila kodeksida ham alimentni ixtiyoriy to‘lash alohida modda sifatida ko‘rsatilgan. Bugungi kunda byuro organlari ish yurituvida 293 mingdan ortiq aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘lsa, ularning 60 foizdan ortig‘i bo‘yicha to‘lovlar ixtiyoriy ravishda to‘lanmoqda.

Agar qarzdor ishlasa, MIB uning ish haqidan aliment to‘lovini ushlab qolish bo‘yicha ish beruvchiga talabnoma kiritsa hamda aliment har oy ish haqidan ushlab qolinsa, bu ixtiyoriy bo‘ladimi yoki majburiymi degan savol yuzaga keladi. Aliment to‘lovlari vaqtida o‘tkazib borilayotgani uchun undiruvchida e'tiroz bo‘lmasa, ish haqidan ushlanmalar vaqtida olib qolinayotgani uchun ularni ham ixtiyoriy to‘lov sifatida qabul qilamiz.

Shuning hisobiga hozirgi kunda 60 foiz alimentlar ixtiyoriy ravishda to‘lanmoqda. Qolgan 40 foizi bo‘yicha majburiy ijro harakatlarini to‘laqonli amalga oshiryapmiz”, deya Ahrorbek Arziyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ahrorbek Arziyev

MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hozir byuro ish yurituvidagi 1 million 346 mingta ijro hujjatining 293 mingtasini (22 foizi) aliment to‘lovlariga oid ijro ishlari tashkil qiladi.

Avvalroq respublika bo‘yicha 2364 nafar ayol sud qarorlariga muvofiq farzandining ta'minoti uchun aliment to‘layotgani aytilgandi.

MIB direktorining birinchi o‘rinbosari Shavkat Haydarovning ta'kidlashicha, yil boshidan buyon 4,2 milliard so‘mlik 31 ta uy, 1,5 milliard so‘mlik 15 ta avtotransport vositalari qarzdorlardan oldindan to‘lov tariqasida aliment oluvchilarga undirib berilgan.

Top